Bezosdan Sukerberggacha. Dunyoning eng boy insonlari qanday ovqatlanadi?

Bezosdan Sukerberggacha. Dunyoning eng boy insonlari qanday ovqatlanadi?

Business Insider kompaniyasi Forbes ma’lumotlaridan foydalanib, dunyoning eng boy odamlari qanday ovqatlanishni ma’qul ko‘rishlarini ma’lum qildi.

Richard Brenson (4,1 mlrd. $)

Virgin Group kompaniyasi asoschisi kuniga qariyb 20 chashka choy ichadi. U o‘z hayotini inglizcha nonushtasiz tasavvur qila olmas ekan.

Brenson o‘z shaxsiy orolida yashaydi. Milliarder har kuni jismoniy mashqlarni kanda qilmaydi, kayfiyatini ko‘tarib olish uchun tushlikni oilasi bilan qiladi. Kechki ovqatni esa kompaniyada tanovul qiladi. Uning fikricha, bu yangi g‘oyalar tug‘ilishiga yordam berar ekan.

Jeff Bezos (131 mlrd. $)

Amazon asoschisi o‘z kunini soat 10dan erta boshlamas ekan. Shu paytda shoshmasdan, yog‘siz rasiondan iborat nonushta qilib oladi. U o‘zini “sog‘lom ovqatlanish” tarafdori deb biladi.

Bill Geyts (96,5 mlrd $)

Microsoft asoschisi esa, aksincha, “sog‘lom ovqat” ishqibozi emas. U uzoq yillar davomida har kuni uch-to‘rt banka parhezbop “Kola” ichib keladi. Geyts chizburgerlarni yoqtirishi bilan ham mashhur. U hatto fast-fudlar qarshisida ishbilarmonlar bilan uchrashuvlarni o‘tkazishni xush ko‘radi.

Stiv Jobs

Apple asoschisi haftalab sabzi va olma yeb yurgan ekan. Hatto faqat meva-sabzavot, yong‘oqlar, mag‘izlardan iborat oziq-ovqatlarni iste’mol qilishni yoqtirgan. O‘zida ochlikni his qilish uchun kunlab taom tanovul qilmagan paytlar ham bo‘lgan.

Ilon Mask (22,3 mlrd. $)

Tesla va SpaceX bosh direktori nonushta qilishni yoqtirmaydi, lekin ertalabdan bir dona Mars shirinligini kanda qilmaydi. Tushlikka ham katta e’tibor bermaydi. Nima keltirilgan bo‘lsa, shuni besh daqiqada tanovul qilib olishga intiladi. Lekin kechki ovqatga alohida ahamiyat qaratadi. Chunki bunday paytda tez-tez biznes muzokaralar o‘tkazadi. Buning uchun fransuz oshxonasini ma’qul ko‘radi.

Mark Sukerberg (62,3 mlrd. $)

Facebook hammuassisi taomlarga ham xuddi liboslari kabi beparvolik bilan qaraydi. U qo‘liga qanday taom tushsa, shu bilan nonushta qiladi. “Men mayda-chuyda qarorlarga ortiqcha vaqt sarflashni istamayman”, - deya izoh beradi ijtimoiy tarmoq rahbari ovqatga nisbatan e’tiborsizligiga.

Lekin bu u o‘ziga xos taomlarni yeb ko‘rmagan degan ma’noni bildirmaydi. 2011 yil Facebook bosh direktori faqat o‘zi o‘ldirgan hayvonlarning go‘shtini tanovul qilish bo‘yicha tajriba o‘tkazgan. Hatto bir safar unikiga mehmonga kelgan Twitter asoschisi Jek Dorsiga yaqinda o‘ldirilgan echki go‘shtini taklif etgan. Dorsi go‘sht sovuq bo‘lgani uchun faqat gazak bilan cheklanganini keyinchalik eslab o‘tadi.

Jek Dorsi (5,1 mlrd. $)

Twitter asoschisi dushanbadan jumagacha kuniga faqat bir marotaba kechki payt ovqatlanishini qayd etgan. Dam olish kunlari esa umuman taom yemas ekan. Bunday usul Kremniy vodiysida ancha mashhur va nomi “uzuq-uzuq parhez”dir. Dorsining so‘zlariga ko‘ra, bunday turdagi parhezning dastlabki kunlarida u gallyusinasiyani boshdan kechirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!