Banklarda yana naqd dollar tanqisligi boshlandimi?

Banklarda yana naqd dollar tanqisligi boshlandimi?

O‘zbekistondagi ayrim banklarda yana naqd valuta tanqisligi kuzatilmoqda. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Orient Finance Bank o‘z shoxobchalarida 2 ming dollardan ortiq naqd dollar olishga cheklov qo‘ygan. Bunga nima sabab bo‘lganiga aniq izoh berilmagan.

Shuningdek, Ziraat Bank'da ham katta miqdorda naqd valyuta olib bo‘lmayapti. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Hamkorbank'ning bir nechta filiallarida ham katta miqdorda naqd valyuta olishga cheklov qo‘yilgan.

Ipoteka bank matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bankda valyuta sotib olish bilan bog‘liq cheklangan limit o‘rnatilmagan.

Hozircha hech qaysi bank mazkur holatga rasmiy ravishda izoh bermadi.

Eslatib o‘tamiz, iyun va iyul oylarida ham banklarda valyuta tanqisligi yuzaga kelgandi. Buning sababi mutaxassislar tomonidan rubl kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy valyutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etayotgani bilan izohlangandi.

Shuningdek, Markaziy bank pul o‘tkazmalarining keskin oshishi Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan qirg‘izistonlik va tojikistonlik muhojirlarning ham O‘zbekistonga pul o‘tkazayotgani fonida yuz berayotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Regulyator bunga sabab sifatida qo‘shni davlatlarda pul o‘tkazmalarini dollarda berish bo‘yicha taqiq va cheklovlar o‘rnatilganini keltirgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!