Aybiga iqror bo‘lmagan va ashyoviy dalil bilan ushlanmagan 33 yoshli ichki ishlar xodimi, podpolkovnik “nohaq” qamoqqa olindi

Aybiga iqror bo‘lmagan va ashyoviy dalil bilan ushlanmagan 33 yoshli ichki ishlar xodimi, podpolkovnik “nohaq” qamoqqa olindi

UzNews.uz nashriga surxondaryolik podpolkovnik yigitning yaqinlari, nohaqlik bo‘layotgani va bu holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borishimiz hamda asl voqeilikni yuzaga chiqishida yordam berishimiz so‘rab murojaat qilishdi.

Podpolkovnik Eldor Abdimuratov va unga bog‘liq bo‘lgan jinoiy ishga doir hujjatlar bizga taqdim qilinganida, birinchi navbatda bu yigitning barvaqt podpolkovnik unvoni olgani-yu, qilgan ishlari qiziqtirib qo‘ydi. Ayni Eldor Abdimuratovga nisbatan tadbir o‘tkazilgan kuni ham u bir jinoyatni issiq izidan fosh qilgan, Qiziriq tumanida sodir etilgan qotilliq, u olgan operativ ma’lumot sabab fosh bo‘lgan... Shu tufayli bo‘lsa kerak u bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishga harakat qildik.

Abdimuratov Eldor Kuchkarovich 1984 yil 17 sentyabrda Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek ma’lumoti oliy, 2005 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasini tamomlagan. Oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Muqaddam sudlanmagan, 2017 yil 28 oktyabrdan boshlab Surxondaryo viloyati IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi tog‘li hududlardagi tezkor bo‘linmalar Qo‘mqo‘rg‘on tog‘li hududdagi tezkor bo‘linma boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2018 yil 1 apreldan buyon qamoqda saqlanmoqda.

Eldor Abdimuratov 2013 yil 4 apreldan 2017 yil oktyabriga qadar Surxondaryo viloyati IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi korrupsiya, tovlamachilik va reketga qarshi kurashish katta tezkor vakili bo‘lib ishlagan.

Bugun u qamoqda saqlanmoqda. Sababi, Toshkent viloyati Qibray tumani sudi adolatsiz hukm chiqarib, uni bir necha moddalarda aybdor deb topgan.

Eldorning advokatlari va yaqinlari esa mutloqo boshqa fikrda va ular sud qator holatlarni e’tiborga olmagan deyishmoqda. Tahririyatimizda ham Eldorning ishi bo‘yicha bir qator dalillar mavjud bo‘lib, biz bu dalillarni albatta navbatma-navbat e’tiboringizga taqdim etamiz.

Hozir esa, voqeaning boshlanishi haqida...

Hammasi Eldorning tezkor ma’lumot ortidan borgani va aniqlangan jinoyat ortidan ko‘plab jinoyatlarning ochilib ketilishidan qo‘rqishlaridan boshlandi desak xato bo‘lmaydi, ASLO!
Eldor tom ma’noda juda zo‘r tezkor xodim bo‘lgan, buni uning podpolkovnik unvoni ham isbotlab turibdi. Jinoyatlarni ochishda o‘ziga xos professional OPER bo‘lgan.

O‘zining sinfdosh do‘stidan olgan tezkor ma’lumoti ortidan fosh qilish operasiyasini boshlagan Eldor Abdimuratov qopqon ga tushirildi.

Noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan paxta sexi ortidan Angor paxta tozalash zavodidagi jinoiy ishlarni fosh qilish harakatida bo‘lgan Eldor Abdimuratov hali oldinda unga nisbatan uyushtiriladigan ishlarni mutloqo tasavvur ham qila olmasdi.

Paxta tozalash sexi borasida faktlar o‘z isbotini topdi va Eldor bu ishda ham g‘alaba qozondi, ammo bu ish uning o‘zini ham o‘z domiga tortib ketdi.

Sinfdosh do‘stidan olgan tezkor ma’lumot sabab ish boshlagan Eldor, yakunda sinfdoshi unga pand berishi mumkinligini o‘ylamagan ham edi. Do‘sti paxta tozalash sexi egasiga tanish bo‘lgani sababli ham ular sinfdoshi orqali Eldorni sotib olishga urinishdi, lekin Eldor halol mehnat qiladigan inson bo‘lgani uchun bunga mutloqo rozi bo‘lmadi, lekin baribir bu ish uning bo‘yniga osildi .

Eldor Abdimuratovning ishi bo‘yicha tergov harakatlarini olib borgan Prokuratura uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 2-qismi b bandi, 168-moddasi 3-qismi v bandi, 206-moddasi 1-qismi, 28, 211-moddasi 1-qismi va 219-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb e’lon qildi.

Voqea haqida bugungi materialimizda qisqacha tushuntirish berib o‘tamiz.

2018 yilning 5 mart kuni Eldor sinfdoshi Akbar Hazratqulovdan olgan tezkor ma’lumot asosida Zuhriddin Xo‘janiyozovga tegishli noqonuniy faoliyat yuritgan paxta va jun tozalash hamda titish sexida MIB, DSI, IIB, Elektr ta’minoti xodimlaridan iborat guruh yordamida tekshirish o‘tkazadi. Tekshirishda aniqlangan qator kamchiliklar orqali DSI ish boshlaydi va bu yerda paxta mahsulotlari vaqtincha olib ketiladi.

Z. Xo‘janiyozov esa Akbar Hazratqulov va Eldor Abdimuratovning sinfdosh ekanligini bilib qolib, ishni hal qilib berishlarini iltimos qila boshlaydi. Akbarni esa shu joyida shayton yo‘ldan uradi va Eldorga bu haqda biron narsa demasdan, Zuhriddin tomonidan taklif qilinayotgan 5 ming AQSh dollarini olishga qiziqadi.

Bundan mutloqo bexabar Eldor esa qopqon ga tushdi, lekin qo‘lga tushmadi. O‘z do‘sti tomonidan Eldorga pichoq urildi . Prokuratura va Departament xodimlari garchi ashyoviy dalil bilan Eldorni qo‘lga tushira olmagan bo‘lsalar-da, yakunda uni aybdor qilishdi.

Ayblov uchun asosiy sababchilardan biri bo‘lgan sinfdoshi firibgarlik yo‘li bilan Eldorning nomini sotib , Eldor aytmagan gaplarni aytdi deb 4 ming AQSh dollari olganini tan oldi. Ammo, gap Eldor haqida ketganda tergov jarayonida (Prokuratura tergov o‘tkazgan) Akbar Hazratqulov quyidagilarni ma’lum qilgan va bu gaplar ayblov xulosasidan ham o‘rin olgan.

-... 2 nafar xodimlar oyoq va qo‘llarimga urib-tepishib, Surxondaryo viloyat IIB xodimi Eldorga ko‘rsatma berasan, bo‘lmasa 15 yilga qamalasan, ukang ishidan haydaladi, onang yurak xuruji oladi, xoting yengil tabiat bo‘lib ketadi, farzandlaring ko‘chada qoladi deb qo‘rqitib urishdi va men shundan so‘ng Eldorga ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldim.

Ichki ishlar xodimi, podpolkovnik Eldor Abdimuratov esa tergovda quyidagilarni ma’lum qilgan.

-Surxondaryo viloyat prokuraturasi Korrupsiya xodimlari aybsiz odamlarni javobgar qilganligi, aybli odamlarni qo‘yib yuborganligini guvohi bo‘lganman, isbotim bor. Keyinroq bilsam Korrupsiya bo‘limi xodimlari Ahmad, Shavkat va boshqalarning noqonuniy topshiriqlarini bajarmaganligim, ularga qarshi chiqib bo‘ysunmaganligim uchun ataylab menga nisbatan tadbir o‘tkazilganini tushundim. Bir nechta asos va dalillarim bor. Tergov harakatlari bir yoqlama olib borilib, hujjatlar soxtalashtirilmoqda.

Toshkent viloyati Qibray tuman Jinoiy ishlar bo‘yicha sud hukmidagi quyidagilarni e’tiboringizga havola etamiz. Sudlanuvchi E. Abdimuratovning harakatlari Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi v bandi bilan noto‘g‘ri kvalifikasiya qilingan, shuningdek, E. Abdimuratovning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan ortiqcha kvalifikasiya qilingan, uning ayblovidan JKning 219-moddasini chiqarishni sud lozim topdi, - deyilgan.

Guvohi bo‘lganingizdek, Tergov boshqa fikrda, Sud boshqa fikrda.

Biz bu ish yuzasidan adolat qaror topishi yo‘lida o‘rganishimizni davom ettiramiz. Keyingi materialimiz orqali Eldorni ashyoviy dalil bilan ushlash tadbiri va uning amalga oshira olishmagani, dastlaki tergovdagi Eldorning dadil ko‘rsatmalari va uning qilgan ishlari haqida batafsil ma’lumot beramiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!