AQSH-Xitoy muzokaralari fonida neft narxi oshdi

Dushanba kuni ertalab Jenevada savdo siyosati bo‘yicha muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar va Xitoyning qo‘shma bayonoti e’lon qilinishidan oldin global neft narxi o‘rtacha darajada oshdi.
Bu haqda savdo ma’lumotlari darak bermoqda.
Brent markali neftning iyul fyucherslari narxi 0,64 foizga oshib, bir barrel uchun 64,32 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, WTI iyun fyucherslari 0,74 foizga oshib, 61,47 dollarni tashkil qildi.
Tahlilchilar AQSh va Xitoy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar bo‘yicha qo‘shma bayonot e’lon qilinishini kutishmoqda. 10—11 may kunlari Jenevada tomonlar savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazdi. Xitoy tomonidan koordinator sifatida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen, AQSh tomonidan esa G‘aznachilik kotibi Skott Bessent ishtirok etdi. Muzokaralar bo‘yicha qo‘shma bayonot dushanba kuni kechqurun e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta natijalariga ko‘ra, Brent ham, WTI ham narxi 4 foizdan ko‘proqqa qimmatlashgan.