Andijondagi markaziy bayroq viloyat hokimi onasining o‘limi sabab tushirib qo‘yilganmi?

Andijondagi markaziy bayroq viloyat hokimi onasining o‘limi sabab tushirib qo‘yilganmi?

Andijondagi markaziy bayroq nima uchun tushirib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq jurnalist Alisher Ro‘zioxunov viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning onasining vafoti munosabati bilan Andijonda bayroq tushirib qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

«Andijon shahri markazida mamlakat bayrog‘i tushirilgan. Protokol bo‘yicha flagshtok pasaytirilsa, motamdan darak beradi.

Andijonda IIB xodimlari qo‘lida vafot etgan vatandoshimiz uchun motam e’lon qilingan bo‘lsa, juda demokratik davlat bo‘libmiz, deb o‘ylab turgandim. Do‘stim aytib qoldiki, viloyat hokimining onasi vafot etibdi. Odam bo‘lamizmi?», — deb yozgandi Alisher Ro‘zioxunov.

Eslatib o‘tamiz, Shuhrat Abdurahmonovning onasi Saodatxon Abdurahmonovaning vafot etganligi haqida 9 iyun kuni xabar berilgandi.

Andijon viloyati hokimligi bayroqning tushirilishiga boshqa sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

«Bayroq matosiga jiddiy shikast yetganligini inobatga olgan holda mas’ullar tomonidan bayroq pastga tushirilgan va 2020 yil 20 iyun kuni yangi bayroq o‘z joyiga o‘rnatib qo‘yilgan.

19 iyun kuni Andijon shahridagi markaziy bayroq mas’ul mutaxassislar tomonidan pastga tushirilgan. Bayroqning tushirilishiga asosiy sabab 18 iyun kuni yuz bergan shamol oqibatida bayroq sim arqonga o‘ralib, matoga jiddiy shikast yetganligi ma’lum bo‘lgan.

Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati Andijon shahridagi markaziy bayroq tushirilishidan hech qanday maqsad ko‘zlanmaganligini va aksincha, matoga jiddiy shikast yetganligi sababli pastga tushirilib, uning o‘rniga yangi bayroq qayta o‘z joyiga o‘rnatilganligini bildiradi», — deyiladi viloyat matbuot xizmati xabarida.

Hokimlik matbuot xizmati shikast yetgan bayroqning suratini keltirmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!