Amira Rashidova uni Saida Mirziyoyevaga qarshi qo‘yganlarga javob qaytardi: "Bundaylarda insof yo‘q"

Amira Rashidova uni Saida Mirziyoyevaga qarshi qo‘yganlarga javob qaytardi: "Bundaylarda insof yo‘q"

Xabaringiz bor, Amira Rashidova "Sevimli" kanalidagi "Sabriya" seriali haqida fikr bildirgan, ayrim nashrlar esa buni Saida Mirziyoyevaning fikriga e’tiroz tarzida talqin qilgandi. Amira Rashidova bu fikrlarga munosabat bildirdi.

"Ikki yil bo‘ldiki, biror bir jiddiy mavzularga qo‘l urmayman. Bunga sabab, men bilan bir voqea sodir bo‘lgan edi. O‘shanda bir vaziyat yuzasidan feysbuk tarmog‘ida post yogandim. Eski “qadrdonlar” so‘zlarimni kontekstdan yulib, g‘araz niyat bilan fikrlarimni noto‘g‘ri talqin qilishgandi…

Qarangki ikki yil o‘tib «Sevimli» atrofida bo‘layotgan gap so‘zlarga o‘z fikrimni bildirish uchun kecha post yozsam, hammasi qayta takrorlandi. Yana o‘sha odamlar, yana o‘sha ssenariy… So‘zlar kontekstdan yulinib, o‘ziga kerak sarlavhada tarqatildi. Go‘yoki men Saida Mirziyoyevaning «Sabriya» seriali haqidagi fikriga qarshi chiqib kechagi postni yozgan, deb talqin qilishdi! Lekin bu unday emas!

Insof haqida gapirmayman, chunki bunday odamlarda u bo‘lmaydi… Tuhmat qilishdan to‘ymaydi, Xudodan xam qo‘rqmaydi bundaylar.

Hozir internetga kirib qarasam, vaziyat jiddiylashgan, xamma joyda meni Saida Mirziyoyeva bilan baxslashgan inson sifatida talqin qilib, yo‘q joydan atrofimda muammo tug‘dirishyapti.

Kecha Saida Mirziyoyevaning fikrini o‘qiganimda, men postimni joylab bo‘lgan edim. Ikki kun oldin kechasi AOKA rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unga kura "Sevimli” telekanali orqali milliy serial namoyish etish chog‘ida axloqsizlik sahnalari mavjudligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallar jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi», deb ekspertiza tayinlanganligi ma’lum bo‘ldi. Ertasi kuni «Sevimli»ga kelib, kun davomida bayonnoma tuzish, yuristlar bilan gaplashish, serialni badiiy kengashda tahlil qilish bilan vaqt o‘tkazib, umumiy vaziyat yuzasidan o‘z fikrimni bildirishim kerak deb, post yozdim.

Nima demoqchiman? Men Saida Mirziyoyevaning fikriga qarshi emasman! U kishi aytib o‘tgan kamchiliklar bor, buni tan olaman. Saida opaning ayollar manfaatlarini himoya qilishi, ularga berayotgan yordamini kuzataman va hurmat qilaman. Anglashmovchilik uchun xijolatdaman va uzr so‘rayman. Shu sababdan jurnalist va bloggerlardan iltimos qilaman: tuxmat, odamlarni bir biriga asossiz qarshi qo‘yishni bas qiling.

Bugun telekanalda o‘zgarishlar bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan uzr so‘raldi. «Sevimli»da yangi va sifatli kontent yaratish yulida, jamoa bilan birga katta loyihalar qilishni maqsad qilganmiz, InshaAllox hammasi sekin amalga oshadi. Sizlarga yaxshiliklar ichida yashashni tilayman".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!