Amerikaliklar AQShga taniqli aktyor prezident bo‘lishini istashmoqda
“Qoya” laqabi bilan mashhur bo‘lgan aktyor Dueyn Jonson AQShning navbatdagi prezidenti bo‘lishi mumkinmi? Amerika va angliyalik bukmekerlar saylovchilar orasida ommaviylik bo‘yicha unga Donald Tramp va Jo Baydendan so‘ng uchinchi o‘rinni berishmoqda deb xabar qilmoqda Newsweek nashri.
Vaholanki, Dueyn Jonsonning o‘zi prezidentlikka hatto nomzodini ham qo‘ygan emas. Lekin bir necha yil oldin Jonson intervyuda aktyorlik karyerasidan so‘ng siyosat bilan shug‘ullanishi mumkinligini xabar qilgan edi.
Hammasi Jonsonning 4 iyun kuni instagramda chop etgan videomurojaatidan so‘ng boshlandi. O‘zining qisqa murojaatida Dueyn Jonson shunday degan edi:
“Mamlakatimiz tanazzulga yuz tutib va tiz cho‘kib, o‘zgarishlarni iltimos qilib turgan vaqtda, bizning rahmdil rahbarimiz qani?
Bizning eng og‘riqli damlarimizda bizga juda zarur bo‘lgan paytda birlashtiradigan va ilhomlantiradigan rahbar. Mamlakatimiz uchun mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan va undagi barcha ranglarni (irqlarni) qabul qiladigan rahbar. Bizni o‘rnimizdan turg‘azib, o‘z ortidan yetaklaydigan va birgalikda o‘zgarishlarni amalga oshiradigan rahbar.
Siz qayerdasiz? Bizlar bu yerdamiz”.
Jonsonning ushbu murojaatini tez orada 14 mln kishi tomosha qilgan va millionlab odamlar uni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
"Kuchli va toza qalbli insonning chiroyli so‘zlari. Janob, siz bizning rahbarimiz bo‘lishingiz kerak. Reygan ham ana shunday qilgan edi. Yana bir aktyor prezident bo‘lsa, undan ham yaxshi. Sizga, oilangizga va barcha amerikaliklarga eng yaxshi tilaklar bilan", — deb yozgan silenceislost nikli foydalanuvchi.
AQSh qonunchiligiga ko‘ra, faqat Amerikada tug‘ilgan fuqaro prezident bo‘lishi mumkin. Undan tashqari, nomzod 35 yoshdan katta va so‘nggi 14 yil davomida AQSh hududida yashab kelayotgan bo‘lishi kerak. Tajribaga ko‘ra, so‘nggi bir necha o‘n yillarda AQSh prezidenti faqat ikki yirik partiya (Respublikachi va Demokratlar) vakillari orasidan saylanmoqda.
