Amerika universiteti O‘zbekistonda o‘z filialini ochmoqda

Amerika universiteti O‘zbekistonda o‘z filialini ochmoqda

Yaqinda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Vebster Universiteti o‘rtasida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi bosh kelishuv va binolardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv O‘zbekistonda Amerikaning doimiy asosda faoliyat yuritadigan ilk oliy o‘quv yurti filiali ochilishini anglatadi.

Tadbirda AQSh Davlat departamenti, Ta’lim vazirligi, USAID, Amerika xalqaro ta’lim kengashi, Jahon banki, XVJ, AQSh ta’lim va tahliliy doiralari vakillari ishtirok etdi. O‘z navbatida marosimda AQShga ishchi tashrif bilan borgan Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev va O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasi raisi Ilhom Haydarov ham qatnashdi.

Elchi Javlon Vahobov o‘z chiqishida O‘zbekistonda inson kapitaliga investisiya kiritish va ta’lim standartlari hamda sifatini oshirish mamlakatda olib borilayotgan siyosatning ustuvor jihatlaridan ekanligini ta’kidladi. U mamlakatda xorij oliy o‘quv yurtlari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini qayd etar ekan, ishtirokchilarni respublika ta’lim bozorida ochilayotgan mazkur imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.

Vebster Universiteti prezidenti Elizabet Strobl o‘z o‘quv muassasasi O‘zbekistonda akademik dasturlarni taqdim etadigan Amerikadagi ilk oliy ta’lim dargohiga aylanayotgani katta sharaf ekanligini aytib o‘tdi. Barchamiz ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim islohotlarni ilgari surishdagi yetakchiligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oldida qarzdormiz. Zero, ular bizning hamkorligimizni ilgari surish uchun asos yaratdi , - deydi Amerika universiteti rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vebsterning O‘zbekistondagi ta’lim jarayonlari bir qismiga aylanishga bo‘lgan intilishi mamlakat tarixiy-madaniy ahamiyatining dunyo tomonidan tan olinishiga asoslanadi. U ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha magistratura dasturining yo‘lga qo‘yilishi Amerika oliy ta’lim yurti kutganidan ham ziyoda bo‘lgani va ular buni kengaytirmoqchi ekanliklariga alohida urg‘u berdi.

2018 yil sentyabr oyida Vebster Universiteti bilan erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbek davlat jahon tillari universiteti bazasida TESL(ingliz tili ikkinchi xorij tili sifatida) magistrlik dasturi ishga tushirildi. Ayni paytda unda o‘zbekistonlik 1200dan ortiq talaba ta’lim olyapti.

Bundan buyon Vebster Universiteti ham bakalavriat, ham magistratura uchun barcha turdagi akademik xizmatlarni taqdim etadi. Biznes boshqaruvi, marketing va ishbilarmonlik, kompyuter bilimlari, jurnalistika va media-sanoat, sog‘liqni saqlashni boshqarish, STEM-ta’limi, innovasiyalar shular jumlasidandir.

AQSh Davlat kotibining ta’lim va madaniyat bo‘yicha yordamchisi Meri Roys o‘zi boshqarayotgan Ta’lim va madaniyat masalalari byurosi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQShga qilgan tarixiy tashrifi chog‘ida erishilgan strategik sheriklikning yangi davri ni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidladi. O‘tgan yilda O‘zbekistondan 570 talaba AQShda o‘qidi, bu undan oldingi yilga nisbatan 30 foiz ko‘pdir.

Men ta’lim vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadlarga ega ekanligiga ishonch hosil qildim, - dedi AQSh ta’lim vaziri katta maslahatchisi Maurin Maklaflin. O‘zbekistonga ko‘p marotaba borganman va men tashrif buyurgan maktablar, tanishgan talabalar hamda birga ishlagan odamlar juda kuchli. Menda dunyo merosi bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari katta taassurot qoldirgan .

U ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni kengaytirish uchun ta’lim va madaniy aloqalarni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlar ekan, ta’lim jabhasidagi o‘zaro hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!