"Amerika ovozi" sukutga cho‘mdi. Oq uy "sabablar"ni e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati "Amerika ovozi" radiostansiyasini moliyalashtirishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini tushuntirdi.
Oq uy rasmiy veb-saytida 15 mart kuni kechqurun "Radikal Amerika ovozi" sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda "Amerika ovozi" "radikal targ‘ibot" olib borishda, nashr xodimlari esa shaxsiy ijtimoiy tarmoqlarida "Trampga qarshi mazmundagi" materiallarni tarqatishda ayblanmoqda.
"Prezident Donald Trampning farmoni... soliq to‘lovchilarning mablag‘lari bundan buyon radikal targ‘ibot uchun sarflanmasligini kafolatlaydi," - deyiladi Oq uy bayonotida.
Prezident ma’muriyati matbuot xizmati nashrning sobiq muxbiri Den Robinsonning so‘zlarini keltirmoqda. U o‘tgan yilning noyabr oyida The Washington Times gazetasidagi ruknida "Amerika ovozi" vaqt o‘tishi bilan "aslida chapga moil qarashlarni aks ettiruvchi manmanlik bilan to‘lgan firibgar tashkilotga aylangani" haqida yozgan edi.
Matbuot xizmati "Amerika ovozi"ning "targ‘ibot" misollaridan biri sifatida, xususan, Trampning 2020-yilgi saylovoldi kampaniyasi Jo Baydenning o‘g‘li Xanterning elektron xatlariga "e’tibor qaratgani" haqidagi maqolani keltiradi. Bu xatlar go‘yoki Bayden oilasi AQSH-Ukraina munosabatlaridan shaxsiy manfaat ko‘rganini ko‘rsatar ekan. Shuningdek, matbuot xizmati AQShdan boshpana so‘rayotgan transgender muhojirlar haqidagi lavhani ham misol qilib keltiradi.