Allohga tavakkal qilish qanday bo‘ladi?

“Allohga tavakkal qildim” degan so‘z har birimizning kundalik hayotimizda uchrashi sir emas. Aslida bu musulmon kishing go‘zal axloqidan. Aslini olganda “tavakkal qilish” qay yo‘sinda bo‘ladi? Keling, bu borada biroz mulohaza yuritib ko‘raylik.
Bir a’robiy so‘radi: «Ey Allohning Rasuli! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkal qilaymi?» Payg‘ambar (alayhissalom): «Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkal qil», dedilar.
Demak, biz ham har qanday amalga kirishar ekanmiz, avvalo, uning sabablarini bajarib, so‘ng Allohga tavakkal qilmog‘imiz lozim.
Payg‘ambar (alayhissalom) aytadilar: «Agar Allohga haqiqatan tavakkal qilsangiz, u erta bilan och chiqib, kechqurun to‘q qaytgan qushlarni rizqlantirgani kabi sizlarni ham rizqlantiradi».
Shaqiq Balxiy rizqni hosil etish uchun ishlamas, rizq topishga bahona izlamasdi. Bir payt hajga borganda Makkada Ibrohim ibn Adham bilan uchrashib qoldi. U zot Balxiydan rizq topish uchun bunday harakat qilmasligini sababini so‘radi. Shaqiq Balxiy hikoya qildi: «Bir vaqtlar sahroda ketayotgandim. Cho‘l o‘rtasida qanoti siniq qushni ko‘rdim. U harakat qila olmas, ucholmas ham edi. O‘zimga o‘zim: «Qani ko‘raychi, bu qushga ozuqa qayerdan va qanday yetib kelar ekan», deb kuzata boshladim. Bir payt og‘zida chigirtkani ko‘tarib olgan qush uchib kelib, uni boyagi yarador qush og‘ziga tutdi. Buni ko‘rigach: «Bir yarador qushga boshqa sog‘lom qush orqali rizqini yetkazgan Alloh menga ham rizqimni yetkazadi», dedim o‘zimga-o‘zim. Shundan e’tiboran, rizqimni izlashdan ortiqcha g‘am-tashvish qilmay qo‘ydim hamda ortiqcha ovora bo‘lishni tark etib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘la boshladim.
Buni eshitgan Ibrohim ibn Adham menga qarata: «Nechun sen nogiron qushga rizqini yetkazib beruvchi qush bo‘lmaysan? Harakat qiluvchi qush bo‘lsang, yanada fazilatli va yanada sharafliroq bo‘larding! Eshitimaganmisan, Payg‘ambar (alayhissalom)ning: «Bergan qo‘l olgan qo‘ldan hayrliroqdur» degan so‘zlarini eshitmaganmisan?!”, deya tanbeh berdi.
Darhaqiqat, har ishda barcha narsaning eng yuksak darajasini talab qilish mo‘min uchun sharafdir. Solihlar Alloh bergan martabaga shu tarzda yetadilar. Ibrohim ibn Adhamning bu so‘zlarini eshitgan Shaqiq Balxiy o‘zining xato yo‘lda ekanini anglab, keyinchalik Ibrohim ibn Adham hazratlarini o‘ziga ustoz deb bilishidan shuni tushunish mumkin.
Tavakkal va sababga bog‘lanish mavzuida juda muhim nuqta mavjud bo‘lib, u shunday izohlanadi: rizq ta’minoti uchun ishlanadi va sababga bog‘laniladi. Lekin sabab va bahonalar deganda «har narsa» tushunilmaydi. Rizqqa sabab bahona bo‘lgan narsalarga aslo e’tibor berilmaydi, ularga qattiq yopishib ham olinmaydi. Rizqni taqdir etgan va uni belgilagan zot Alloh taolodir. Shunday ekan, kishining rizq so‘raydigan ilohi faqat Alloh bo‘lmog‘i lozim. Demak, musulmon kishi Allohga tavakkal qiladi, shu bilan birga uning sabab yo‘lini ham qidirib, unga intiladi, faqat natijani esa Allohga havola qiladi.
Manba: azon.uz