Allamjonov: "Otabek Sattoriy aybdormi, yo‘qmi, bilmayman, ammo..."

Allamjonov: "Otabek Sattoriy aybdormi, yo‘qmi, bilmayman, ammo..."

Otabek Sattoriy bilan bog‘liq shov-shuvli ochiq sud jarayoni yakunlandi. Surxondaryolik blogerga olti yarim yil berildi.

Men sud hukmi haqida fikr bildira olmayman, bunday vakolatim yo‘q. Va Otabekning qanchalik aybdorligi haqida ham ma’lumotga ega emasman.  Hozir aytmoqchi bo‘lganlarim, umuman, matbuotimiz hayotiga taalluqli.

Keyingi paytda jurnalistlar bilan bog‘liq muammolar tez-tez ko‘zga tashlanib turibdi. Matbuotchilar qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini ham bilyapmiz.

Ammo men bir gapni ishonch bilan ayta olaman: o‘zimizning jurnalistlarni qo‘llash, himoya qilish o‘rniga og‘zini ocholmaydigan darajada qo‘rqitib qo‘ysak, ularning o‘rnini boshqalar – tashqaridan turib fitna chiqaradiganlar egallashi aniq! Undaylarning niyati ma’lum – jamoatchilik fikrini allakimlar uchun manfaatli tomonga burish, sodda odamlarimizning his-tuyg‘ularini qo‘zg‘atib, shu orqali ommani boshqarish. Bu yo‘lda na haqiqatga o‘rin bor, na vijdonga!

Qolaversa, cho‘chib qolgan bloger yoki jurnalist anonimga aylanib ketishi mumkin. Jurnalist yoki blogerlik ko‘pincha odamning qon-qonida bo‘ladi. Atrofdagi hayotga befarq bo‘lmagan bu haqiqiy vatanparvarlar  har qanday holatda baribir yozaveradi. Texnika asrida informasiya oqimini to‘sishning yagona yo‘li internetni davlat miqyosida butunlay o‘chirib qo‘yishdir. Albatta, tanlovni hamma o‘zi qiladi. Bizning chaqiruvimiz – sog‘lom va qonuniy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish. Qonun hamma uchun: bloger, jurnalist uchun ham, hokim, vazir uchun ham birdek ishlashi kerak. Shundagina xukmlarning adolatli ekanligiga shubha kamayadi.

Vatan – bizniki! Va hech kim shu zaminda yashab faoliyat yuritayotgan o‘zimizning jurnalist va blogerlarchalik Vatanimiz, millatimiz taraqqiyoti uchun qayg‘urmaydi.
Hurmatli hamkasblar!
Albatta, tanlagan sohamiz juda qaltis, lekin yurt taraqqiyotida bu juda muhim yo‘nalish. Buni davlat rahbari ham bir necha bor ta’kidlaganlari bejiz emas. Shashtingizni tushirmang. Biz oson bo‘lmagan yo‘ldamiz. Shu paytgacha hammaning ovozini baravar  o‘chirish hech kimning qo‘lidan kelmagan. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi.
Alloh barchamizni asrasin. 

Komil Allamjonov, 

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!