Alisher Qodirov Sodiq Safoyevning fikriga munosabatini bildirdi

Alisher Qodirov Sodiq Safoyevning fikriga munosabatini bildirdi

Kuni kecha Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbiriga bergan ma’lumotga ko‘ra agar yangi Konstitusiya qabul qilinsa, hamma qatori prezident Shavkat Mirziyoyevga ham saylovlarda qatnashish imkoni yaratib berilishini, bu huquqdan foydalanish yoki foydalanmaslik esa shaxsning o‘ziga va siyosiy partiyasiga havola ekanini ma’lum qilgan edi. Sodiq Safoyevning fikriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish" DP MK raisi Alisher Qodirov shunday munosabat bildirdi:

Konstitusiyaga o‘zgartirish kiritish zarurati xalqimiz tomonidan keng qo‘llab quvvatlanayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar to‘lqinida yuzaga keldi.

Inson huquq va erkinliklari, qadriyatlar, madaniy-tarixiy va ma’naviy me’ros, tarbiya va ta’lim sohasida fuqarolar oldida davlatni jiddiy mas’uliyat olishi kutilayotgan konstitusion islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladik. Konstitusion islohotlar asosida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi huquqiy makon masalasi xalqaro, umume’tirof etilgan norma bo‘lganligi uchun muhokama qilishda foyda ko‘rmayapman. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi yosh demokratiyani asriy demokratiyalarning mezonlari bilan o‘lchashga qarshiman.

So‘nggi yillarda erishilgan siyosiy-iqtisodiy erkinliklarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun barqarorlikka erishish, islohotlarni ortga qaytmaydigan harakatga aylantirish xalqimiz uchun ham, davlatimiz uchun ham ustuvor maqsad bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.

Qolaversa, demokratiyaning fundamental mezoni - 22 millionga yaqin ovoz berish huquqiga ega vatandoshlarimiz nima desa shu bo‘ladi. Biz O‘zbekistonni erkin, barqaror va tinch rivojlanishi tarafdorimiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!