Aholi daromadsiz qolishi mumkin: Ruminiyada 30 yildagi eng yirik suv toshqinlari kuzatilmoqda

So‘nggi 30 yildagi eng yirik suv toshqinlari Ruminiyaning eng mashhur diqqatga sazovor joylaridan biriga tahdid solmoqda.
2025-yil 29-may kuni ikki kunlik kuchli yomg‘irlar natijasida suv toshqinidan zarar ko‘rgan hudud – Botoshani, Ruminiya.
Transilvaniyada joylashgan "Praid" tuz konining bir qismi suv ostida qoldi. Mahalliy hokimiyatlar ushbu toshqinlar o‘nlab yillar davomida turizmga tayanib yashab kelgan aholini daromadsiz qoldirishi mumkinligidan xavotirda.
So‘nggi ikki kun ichida Ruminiyada yog‘gan kuchli yomg‘irlar mamlakatning bir qancha hududlarida katta suv toshqinlariga sabab bo‘ldi.
60 dan ortiq aholi punktlari suv ostida qoldi. Qutqaruv xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat markazidagi Kovasna va Brasov, shuningdek shimoli-sharqiy Botoshani viloyatlaridan yuzlab odamlar evakuasiya qilindi.
Ruminiyaning milliy boyliklaridan biri — Transilvaniyadagi Praid tuz koni xavf ostida qolmoqda. Bu yerda tuz qazib olish ishlari Rim imperiyasi davriga borib taqaladi. Hozirda esa bu kon noyob yer osti majmuasiga aylangan bo‘lib, u yerda ko‘ngilochar park, tibbiyot markazi hamda g‘or ichida o‘yilgan ibodatxona mavjud.
Mazkur tuz koni butun mintaqa iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega: Yevropadagi eng yirik tuz koni bo‘lgan bu joy har yili yarim million sayyohni jalb etadi.
Korund soyining toshib ketishi natijasida suv konning nafaqat ishlab chiqarish, balki turistik qismlariga ham kira boshladi, chunki yer ostida qurilgan to‘g‘on suv bosimiga dosh bera olmay qulab tushdi.
"Achinarlisi, vaqtincha qurilgan to‘siqlar ham samara bermadi", — dedi mahalliy ma’muriyat rahbari ruminiya OAVlariga.
Hozircha ob’ekt butunlay vayron bo‘lish xavfi ostida emasligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, ishchilar tomonidan galereyalarda qoldirilgan texnika yo‘qolgan, yer ostidagi tuz zaxiralari esa suvda erib ketishi mumkin. Rasmiylar suv sathi tushishini kutib, tiklash ishlarini boshlashga tayyorlanmoqda.
Vengriya hukumati allaqachon qo‘shnilariga yordam taklif qilgan.