Afrikada Prezidentning o‘limi haqidagi mish-mish hamon inkor etilyapti
Kamerunning 91 yoshli Prezidenti Pol Biyaning sog‘lig‘i va qayerda ekani haqidagi mish-mish shu hafta butun Afrika bo‘ylab dolzarb mavzuga aylandi.
Sentyabr oyi boshida Pekin mezbonlik qilgan Xitoy – Afrika sammitida qatnashgan Biya Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishini o‘tkazib yubordi. Bu hafta Parij shimolidagi Villers-Kotteresda bo‘lib o‘tgan Frankofoniya (La Frankofoniya) anjumanida qatnasha olmagani, qolaversa taxminan bir oy davomida omma oldida ko‘rinmagani keksa yetakchi bilan bog‘liq gap-so‘z yangi kuch bilan tarqalishiga sabab bo‘ldi.
Kamerunning Fransiyadagi elchisi Biyaning “sog‘lig‘i yaxshi” ekani, o‘zi Jenevadaligini bildirdi. Boshqa manbalar vaziyatni iyul-avgust oylaridagi tig‘iz diplomatik jadvaldan so‘ng shifokor nazorati ostida dam olish ehtiyoji mavjudligi bilan izohladi.
Hokimiyat tepasida ko‘p vaqt o‘tirish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni band etgan Afrikaning bu eng keksa davlat rahbari Ekvatorial Gvineya yetakchisi Teodoro Obiangu Ngemedan bir oz ortda boryapti.
Xullas, oddiy izohlar Afrikaga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari va siyosiy doiralarda urchigan Biya to‘g‘risidagi mish-mishni to‘xtatish uchun yetarli bo‘lmadi.
Oxir-oqibat hukumat matbuot kotibi Rene Sadi rasman Prezident “yaqin bir necha kun ichida” vataniga qaytishini e’lon qildi.
Jenevada Pol bilan birga bo‘lgan shaxsiy idorasi rahbari ham uning “salomatligi a’lo darajada”ligini ta’kidladi.
Kamerun dengizga to‘g‘ri chiqa olmaydigan Chad va Markaziy Afrika Respublikasiga kirish eshigi sifatida muhim strategik pozisiya egallagan. Chad ko‘li atrofida jihodchilarga qarshi kurashdan tashqari, mamlakat ingliz tilida so‘zlashadigan mintaqalardagi murakkabliklar va tez-tez yuz beradigan zo‘ravonlik inqirozi bilan kurashmoqda.
Darvoqe, Pol Biya Afrika rahbarlari uchrashuvlarida doim ham qatnashavermaydi.