Afg‘onistonda IIV, Mudofaa va razvedka vazirligi qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum qilindi
Afg‘oniston oliy rahbari Haybatulloh Oxundzodaning farmoniga ko‘ra, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Razvedka bosh boshqarmasi qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va harbiy texnikani tarqatish huquqidan mahrum etildi.
Qayd etilishicha, endilikda Oxundzodaning o‘zi mazkur ish uchun mas’ul bo‘ladi. Afg‘oniston rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga ko‘ra, mazkur farmon sakkiz banddan iborat.
“Ushbu chora qurol va boshqa harbiy texnikalar kerak bo‘lmagan holatlarda qo‘llanilmasligi uchun qurolni yaxshiroq himoya qilishni ta’minlashga, shuningdek, ushbu qurollarning umumiy xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan”, deya tushuntirgan u.
IIV vakili Abdul Matin Kanining tushuntirishicha, endilikda davlat mulki sifatida omborlarda saqlanayotgan har qanday “ortiqcha” yoki olib qo‘yilgan qurollar faqat mamlakat rahbariyatining ko‘rsatmasi bilan taqsimlanadi. Xavfsizlik xizmatlari yoki rasmiylarning har qanday so‘rovi Afg‘oniston rahbari tomonidan ma’qullanishi kerak.
Farmonga ko‘ra, fuqarolik tashkilotlari, savdogarlar va fuqarolarga o‘qotar qurol lisenziyalari faqat IIV tomonidan berilishi lozim.
Harbiy masalalar bo‘yicha ekspert Zalmay Afg‘on Yar ko‘rsatmani ijobiy qadam sifatida baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda hokimiyatda “har doim shaxsiy maqsadlarda qurol ishlatgan shaxslar bo‘lgan”.