Adolat xalqimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etadi

Adolat xalqimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etadi

Qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatni qaror toptirishda sudlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Sud O‘zbekiston davlati nomidan qaror qabul qiladi. Shunday ekan sudya sudyalik maqomiga mos kishi bo‘lib shakllanishi uchun yanada batafsilroq, qonunlarda yozilmagan, ammo amal qilishi lozim bo‘lgan insoniylik fazilatlarga ham qat’iy rioya etishi zarur.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari SH.Mirziyoyev tomonidan, Respublika Oliy Majlisi Senati raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Bosh vazir va huquq-tartibot idoralari rahbarlari ishtirokida 2020 yil 30 iyun kuni “Odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda inson huquqlarini himoya qilishga doir bir qancha masalalar atroflicha muhokama etildi.

Prezidentimiz har gal sud tizimi, uning mustaqilligini amalda ta’minlash haqida gapirganida adolat tushunchasi, uning xalqimiz hayotida naqadar muhim ahamiyat kasb etishini batafsil tushuntiradi. Buning sababi – huquqiy demokratik davlat va ochiq, erkin fuqarolik jamiyati sharoitida adolatni qaror toptirish sud hokimiyati orqali amalga oshiriladi.

Shu bilan birgalikda har chorakda sud rahbarlarining ommaviy axborot vositalari orqali odil sudlov faoliyati yuzasidan axborot berishlarini yo‘lga qo‘yish, sudyalar Oliy maktabida sudyalar va sud xodimlarini sirtqi, kechki, masofaviy o‘quvlarini tashkil etish, gender tenglikni ta’minlash maqsadida sud korpusida ayol kadrlarni yanada ko‘paytirish, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida videokonferensaloqa tizimini joriy qilish, sud majlislarida audioyozishni joriy etish davr talabi ekanligi ta’kidlandi.

“Sud binosiga kelgan har bir fuqaro O‘zbekistonda adolat borligiga ishonch hosil qilishi kerak”ligi muntazam uqtirib kelinayotganiga qaramasdan sudlarda ishlar uzoq muddat ko‘rilayotgani yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarning soni kamaymayotgani sudlarda ishlarni turli instansiyalarda qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga chek qo‘yishni taqozo etayotgani uchun “Bir sud, bir instansiya” tizimini joriy etib, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyotini tugatish tavsiya etildi.

Albatta, biz buni amalda ta’minlashga harakat qilyapmiz. Biroq bitta adolatsiz holatga yo‘l qo‘yilsa ham, bu butun sud tizimga soya soladi.

Buning uchun biz yanada ko‘proq mehnat qilib, Prezidentimiz o‘rtaga tashlagan, sohani xalqchil qilishga qaratilgan takliflarni amalga oshirish, faqat adolat bilan ish ko‘rishga harakat qilamiz.

Zero, sudya qanday masalani hal qilishidan qat’i nazar halollik, xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlashda adolatli bo‘lishni o‘ziga shior qilib olishi lozim. Buning uchun o‘z kasbining bilimdoni, hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, har tomonlama yetuk, saviyasi baland va huquqiy madaniyatli shaxs bo‘lishi, sudni odilona o‘tkazishi kerak.

 

Baxriddin Ikramov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Yashnobod tuman sudi sudyasi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!