Abituriyent e’tirozi: “Qachongacha imtiyozga ega yoshlar sabab o‘qishga kira olmaymiz?”

Abituriyent e’tirozi: “Qachongacha imtiyozga ega yoshlar sabab o‘qishga kira olmaymiz?”

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlari yo‘lida sezilarli darajada ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi oliy ta’lim muassasalaridagi qabul jarayonlarida ham o‘z aksini ko‘rsatmoqda.

Abituriyentlarning uchta oliygohga imtihon topshirish imkoniyati yaratilganligi, kechki va sirtqi o‘quv shaklining yo‘lga qo‘yilganligi, sinov natijalardan qoniqmagan yoshlarning apellyasiyada o‘z fikrlarini ochiq-oydin va erkin bildira olishi, imtihonlardagi shaffoflikning ta’minlanishi kabi o‘zgarishlar kattayu kichikni birday shod etayotgani sir emas. Hatto bu yilgi abituriyentlar orasida 60-70 yoshdan oshgan talabgorlarning ham borligi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Albatta, bu qabul jarayonining yaxshilanayotganidan dalolat.

Ammo bu borada yana shunday holatlar ham borki, ayrim yurtdoshlarimizning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Kuni kecha Oliy harbiy bojxona institutiga qabul imtihonlarining javoblari e’lon qilindi. Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumanidan ushbu oliygohga hujjat topshirgan abituriyent Dilyorjon VALIYEV imtihon natijalaridan norozi. Uning so‘zlariga quloq tutdik:

— Men o‘tgan yili Oliy harbiy bojxona institutiga o‘qishga topshirib, 193.3 ball bilan 28 o‘rinda o‘tgan edim. Ammo ajratilgan kvota 25 ta bo‘lganligi bois o‘qishga kira olmagan edim. O‘tgan bir yil mobaynida yanayam yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, bu yil ushbu oliygohning Bojxona huquqi yo‘nalishiga yana bir bor o‘qishga topshirdim va (maksimal 226.8 balldan) 204.7 ball (tarix-35ta, ona tili-34ta, ingliz tili-28 ta to‘g‘ri javob) to‘pladim. Bu ball bilan men 6 iyul kuni chiqqan natijalarda 22 o‘rinda turganimni ko‘rib, o‘qishga kirdim deb o‘ylab, boshim osmonga yetgan edi! Ammo 13 iyulda chiqqan mandat jadvalida esa o‘qishga qabul qilinganlar ro‘yxatida emasligimni ko‘rdim... Ro‘yxatda 9 ta imtiyozga ega abituriyentlar ismi turardi. Ular hech qanday imtihonda qatnashmagan, aytishlariga qaraganda, “Mard o‘g‘loni” mukofoti sovrindorlari hamda Temurbeklar maktabi bitiruvchilari ekan. Imtiyozga ega abituriyentlar uchun kvota alohida bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi...

Ularning o‘qishga imtihonsiz qabul qilinishiga qarshi emasmiz. Biroq tartib shu tarzda davom etsa qolganlar qachon o‘qishga kiradi? Shuncha harakat qilib, o‘qib, yuqori ball olib ham o‘qishga kira olmasak yana nima qilish mumkin, hayronmiz...

Umid qilamizki, bu muammo ham tez orada o‘z yechimini topadi.

Yulduz O‘RMONOVA, “Xalq so‘zi”.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!