13 kunda salkam 2400 abituriyent qoidabuzarlik sodir etganligi sababli testdan chetlashtirilgan

13 kunda salkam 2400 abituriyent qoidabuzarlik sodir etganligi sababli testdan chetlashtirilgan
2018 yil 13 avgust kuni holatiga ko‘ra kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha bakalavriatga kirish test sinovlari respublikaning 60 ta oliy ta’lim muassasalari va ularning 19 ta filiallarida muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘zining feysbukdagi sahifasida ma’lum qildi.
 
Kunduzgi, maxsus sirtqi hamda kechki ta’lim shakli uchun oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar tomonidan joriy yilda 679 979 ta arizalar tushgan va tanlov bir o‘ringa o‘rtacha 8,2 nafarni tashkil etgan. 2017 yilda bu raqam 729 947 ta bo‘lib bir o‘ringa tanlov 11,0 nafarni tashkil etgan edi.
 
Test sinovlarida 604 677 nafar abituriyent ishtirok etdi, 17 353 nafar abituriyent esa qatnashmadi. Ulardan 14 957 nafari kelmagan bo‘lsa, 1 340 nafari hududga kirishda hamda 1 056 nafari test jarayoni paytida qoidabuzarlik sodir etganligi sababli testdan chetlashtirilgan
 
Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy ta’lim muassasalarida test jarayoni paytida chetlashtirishlar soni nisbatan kam bo‘ldi. Aziz Abduhakimov buni ushbu hududlarda test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada tashkil qilish maqsadida 2018 yil 14-22 may kunlari o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi bilan izohladi.
 
Test sinovlari materiallari Davlat feld’egerlik xizmati, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan, ularning maxfiyligi va daxlsizligi ta’minlanib, har kuni belgilangan muddatlarda respublikaning barcha hududlariga yetkazildi.
 
Test sinovlarini o‘tkazishga ta’lim muassasalaridan test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 5 285 nafar guruh nazoratchilari jalb qilingan.
 
Test sinovlari o‘tkazilgan 57 ta binoda yong‘in va xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi hamda test sinovlari o‘tadigan hududlarda tez yordam mashinalari tashkil etildi.
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!