Zamonaviy texnologiyalar ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi

Zamonaviy texnologiyalar ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi

Sir emaski, jamiyat hayotining barcha sohalariga axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etilyapti. Sudlar faoliyati ham bundan mustasno emas, albatta. Buning natijasida fuqarolar qolaversa tadbirkorlar ham o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga bemalol murojaat qila olyapti.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2020 yil 3 sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizimda yangilanishlar jarayonini izchil davom ettirishni ko‘zda tutib qabul qilindi. Unga ko‘ra fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga sudlar tomonidan ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari yanada kengaytirilishi nazarda tutildi.

Endilikda har bir fuqaro o‘z murojaatini ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib bora oladi. Sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Sudlarda ishlarni ko‘rishda ko‘pgina vazirlik va idoralar bilan ma’lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o‘zaro integrasiya qilinmaganligi sababli asosan qog‘oz shaklida amalga oshirilayotgan edi. Aynan shuning uchun sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash maqsadida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Sud majlislarida masofadan turib, jumladan mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyati joriy etilmoqda. Shuningdek, ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish mumkin bo‘ladi. Ayni paytda sudning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash, xizmat axborotlari va ma’lumotlarini kompleks himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirish ham nazarda tutilgan.

Eng asosiysi joriy yil 1 oktyabrdan e’tiboran barcha ishtirokchilar sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul  xabardor qilinadi. 2022 yil 1 yanvardan esa sud qarorlari ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etilishi belgilangan.

Bu kabi zamonaviy texnologiyalarni sudlar faoliyatida keng joriy etish fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish barobarida, ularning odil sudlovga erishishi hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Abdurasul Minojiddinov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Farg‘ona shahar sudi sudyasi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!