Zakoti beriladigan va berilmaydigan hayvonlar​​​​​​​

Zakoti beriladigan va berilmaydigan hayvonlar​​​​​​​

Faqat dalada o‘tlaydigan, ya’ni yilning ko‘p qismida yaylovda boqiladigan hayvondangina zakot berish farz bo‘ladi. Kichiklaridan ham berilmaydi. Illo, kattalarga tobe bo‘lsalar, beriladi. Ish hayvonlarida ham zakot yo‘q.

Hanafiy mazhabi bo‘yicha, agar hayvonlar faqat qo‘zi, uloq, buzoq yoki bo‘taloqdan iborat bo‘lsa, ulardan zakot olinmaydi. Chunki qirqta sut emadigan qo‘zisi yoki beshta sut emadigan bo‘talog‘i bor odam boy hisoblanmaydi. Ammo onalariga qo‘shib bolalaridan ham zakot olinadi.

Chorva hayvonlaridan zakot olishda bir son bilan ikkinchisining orasida ko‘p son qo‘yish, masalan, qo‘yda 40tadan 120tagacha bitta, 120tadan 200tagacha ikkita qo‘y zakot olish o‘sha kichik bolalari e’tiboridan bo‘lgan. Hanafiy mazhabining bu qavli ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Chorva hayvonlarining ishchisidan, ya’ni aravaga, omochga qo‘shiladigan, yuk tashishga ishlatiladigan, miniladigan, objuvozda, suv chiqarishda yoki shunga o‘xshash ishlarda foydalanib turiladiganidan zakot olinmaydi. Chunki bunday hayvonlar hojati asliya va ish vositasi hisoblanadi, o‘suvchi mol emas. Qolaversa, ularni ishga solib topilgan narsalardan zakot chiqariladi. Ana o‘sha zakot yo‘lida xizmat qilganlari uchun ham ularning o‘zlaridan zakot olinmaydi.

Bunga dalillar quyidagilar:

 Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Ishchi qoramollarda sadaqa yo‘q», dedilar».

Doraqutniy rivoyat qilgan.

 Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ul zot alayhissolatu vassalom:

«Er haydovchi hayvondan sadaqa yo‘q», dedilar».

Doraqutniy rivoyat qilgan.

 Amr ibn Shu’ayb otasidan, u bobosidan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ishchi(hayvon)lardan sadaqa yo‘q», dedilar».

Doraqutniy rivoyat qilgan.

Zakotga olinadigan hayvonlar

O‘rtachasini olish vojibdir. Agar topilmasa, zakotchi kichigini olib, ustiga qo‘shimcha oladi yoki kattasini olib, ortig‘ini qaytaradi.

Demak, zakotga ma’lum bir yoshdagi hayvonnigina olish kerakligi ayon bo‘ldi. Yana zakotchi o‘sha yoshdagi hayvonning eng yaxshisini yoki eng pastini emas, o‘rtachasini olishi lozim.Agar bunday sifatdagi hayvon topilmasa, pastrog‘ini olib, qolganiga qiymat qo‘shib oladi yoki yaxshisini olib, ortgan qiymatni zakot beruvchiga qaytaradi.

Zakot olish paytida tuyalar soniga binoan ma’lum yoshdagi va sifatdagi tuyani zakotga olish kerak bo‘lib qoldi, deylik. Lekin o‘sha yoshdagi va sifatdagi tuya mazkur tuyalar ichida yo‘q. Nima qilinadi? Lozim bo‘lgan tuyadan ko‘ra kichikroq yoshdagi tuya olinadi-da, kamiga o‘rtachasini narxlab, pul shaklida olinadi. Agar lozim bo‘lgan tuyadan katta yoshdagi tuya bo‘lsa, buni ham qabul qilsa bo‘ladi. Ammo ortig‘ini sadaqachi – zakot omili (ishchisi) zakot beruvchiga o‘rtachasini narxlab, undan ortganini pul shaklida qaytarib beradi. Ushbu qoida boshqa hayvonlarda ham o‘ziga mos ravishda ishlatiladi. Agar kichik yoshdagi urg‘ochi hayvon o‘rniga katta yoshdagi erkak hayvon olinsa, hech narsa olinmaydi. Mulohaza qiladigan bo‘lsak, zakotga olinadigan hayvonlarda urg‘ochisi ustun ko‘riladi. Bunda urg‘ochi hayvonning kambag‘allar qo‘liga tushib, ko‘payishi nazarda tutilgan.

Bunga quyidagi hadis dalil qilib olingan:

 Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Abu Bakr roziyallohu anhu unga Alloh O‘z Rasuli sollallohu alayhi vasallamga amr qilgan sadaqa farzini yozganida quyidagilar ham bor edi:

«Kimning huzuridagi tuyasi zakotiga jaza’a beradigan darajaga yetsa-yu, uning jaza’asi bo‘lmay, hiqqasi bo‘lsa, undan hiqqa qabul qilinadi va u bilan birga imkoni bo‘lsa, ikkita qo‘y ham olinadi. (Agar qo‘y berish) imkoni bo‘lmasa, yigirma dirham olinadi. Kimning huzuridagi(tuya)si hiqqani zakotga beradigan darajaga yetsa-yu, uning hiqqasi bo‘lmay, jaza’asi bo‘lsa, undan jaza’a qabul qilinadi va sadaqachi unga yigirma dirham yoki ikkita qo‘y beradi. Kimning huzuridagi(tuya)si hiqqani zakotga beradigan darajaga yetsa-yu, uning hiqqasi bo‘lmay binti labuni bo‘lsa, undan o‘sha qabul qilinadi va u yana ikkita qo‘y yoki yigirma dirham beradi. Kimning zakoti binti labunga yetsa-yu, uning hiqqasi bo‘lsa, undan hiqqa qabul qilinadi va sadaqachi unga yigirma dirham yoki ikkita qo‘y beradi. Kimning zakoti binti labunga yetsa-yu, unda u yo‘q bo‘lsa va uning binti muxozi bo‘lsa, undan o‘sha qabul qilinadi va yana yigirma dirham va ikkita qo‘y ham beradi. Kimning zakoti binti muxozga yetsa-yu, unda u bo‘lmay, binti labun bo‘lsa, u qabul qilinadi va sadaqachi unga yigirma dirham yoki ikkita qo‘y beradi. Agar uning ko‘ngildegidek binti muxozi bo‘lmasa-yu, binti labuni bo‘lsa, o‘sha undan qabul qilinadi va u bilan birga qo‘shib hech narsa bermaydi».

 Buxoriy, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Ma’lumot "Kifoya" kitobidandan olindi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!