Yutqazdik! Kuper qolishi kerakmi?

Yutqazdik! Kuper qolishi kerakmi?

Afsuski, Osiyo kubogini ancha erta tark etdik. Buning bir nechta omillari bor. Lekin bu safar ko‘zguning ikkinchi tomoniga ham qarash kerak.

Bugungi O‘zbekiston terma jamoasida biz ko‘rishni istaydigan futbolchilar jam bo‘lgan. Yoshlar ko‘p, jamoa endigina shakllanyapti. Terma jamoamiz avlodlar almashinuvini boshdan kechirmoqda. Quvonarlisi, Ektor Kuper boshchiligida bu ish hozircha yaxshi ketyapti.

Bu turnirda biz futbolchilarimizning bor imkoniyatini emas, Kuperning taktikasini ko‘rdik. Ummonga qarshi o‘yindagi qiyin g‘alaba Kuperning himoyaviy taktikasi tufayli, Turkmaniston ustidan qozonilgan yirik g‘alaba ham Kuperning hujumkor taktikasi tufayli, Yaponiyadan uchralgan mag‘lubiyat ham Kuperning taktikasi tufayli va nihoyat Avstraliyadan uchralgan mag‘lubiyat ham Kuperning taktikasi tufayli.

To‘g‘ri, Avstraliyadan uchralgan mag‘lubiyat mazkur terma jamoadan ilgari uchragan mag‘lubiyatlarimizdan farq qiladi. Ilgari Avstraliya biz uchun o‘tib bo‘lmas tog‘ edi. Ammo bugun Kuper bu tog‘dan ham o‘tsa bo‘lishini isbotladi. Agar Eldor Shomurodov yoki yana kimdir gol urganida g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi.

Avstraliyani tanlagani uchun Kuperni ayblay olmaymiz. U hammasini to‘g‘ri qildi. Shunchaki yakuniy qartani ochishda adashdi Marat Bikmayev. Garchi matbuot anjumanida Maratni Eldor charchagani uchun tushirganini aytgan esa-da, ichida bu orqali penaltilar seriyasiga tayyorlanganini bilish qiyin emasdi. U Maratni lotereyadagi omadli yutuq sifatida ko‘rgandi.

Shu o‘rinda jurnalist sifatida emas, oddiy muxlis sifatida bir fikrni bildirmoqchiman: Kuper, albatta, o‘yin arafasida penaltilar variantini ham o‘ylagan. Ehtimol, Maratga rejalarini ham bildirgandir. Unda nega Marat penalti tepishni mashq qilmagan? Terma jamoaga kechagina kelgan Ikrom Aliboyev gol urib turgan bir paytda anchadan beri termamiz sharafini himoya qilayotgan Marat Bikmayev nega bunaqa sust zarba yo‘lladi? Axir hammamiz hal qiluvchi ishni bajarishdan oldin o‘ylaymiz, fikrlaymiz, tayyorlanamiz. Hayajon desak, shuncha yildan beri terma safida o‘ynayotgan hujumchining bunday hal qiluvchi vaziyatlarda, penaltida hayajonlanishi, kechirasiz-u, jinoyatga teng. Men Marat Bikmayevning sha’nini yerga urmoqchi emasman, shunchaki tushunmayapman. Axir u futbolga kechagina kelgan yosh bola emas-ku! Aksincha, sovuqqonligi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan yoshda-ku! Islom To‘xtaxo‘jayev haqida ham shunday deyish mumkin. Bajarolmasam hech narsa bo‘lmaydi, deydigan vaziyat emas bu, demak, zarracha bo‘lsa-da ikkilanadiganlarga ham bu vazifani topshirish kerak emas.

Ektor Kuper terma jamoada qolishi kerakmi? Ha. Agar shu tarzda davom etsak, mundialga qadar tajribali terma jamoalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etib, shu tarkibni yanada mukammallashtirsak va jipslashtirsak, 2022 yilgi jahon chempionatiga chiqishimiz mumkin. Chunki Ektor Kuperda taktika bor. U bitta jamoani bir vaqtning o‘zida ham himoyaviy, ham hujumkor o‘ynata oladigan murabbiy. Bunday murabbiylar Yevropa uchun oddiy holdir, ammo biz uchun yangilik.

Osiyo kubogi shuni ko‘rsatib berdiki, terma jamoamiz Kuperning jamoasiga aylanyapti. Argentinalik mutaxassis yangilik kirita oldi. To‘g‘ri, chorak finalga chiqa olmadik, ammo yaxshi tarkib shakllantirdik, biroz bo‘lsa-da olg‘a siljidik. Terma jamoada esa nihoyat o‘ynolmasa ham asosiyda tushaveradigan erkatoy lar emas, futbol o‘ynashni istaydigan va buni uddalaydigan yigitlar jam bo‘lmoqda.

Ayni paytda Kuperni iste’foga chiqarish burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirishdek gap. Uzun paslar, tinimsiz pressing, himoyachilarni aldab gol urish, fintlar, to‘p uchun kurashish Kuper bularning barini terma jamoamiz o‘yiniga singdira oldi. Qolaversa, asosiy maqsad Osiyo kubogi g‘olibligi emas, jahon chempionatiga chiqish. Shaxsan men mundial yo‘llanmasini kerak bo‘lsa 10 ta Osiyo kubogi g‘olibligiga almashgan bo‘lardim.

Kuperdan umid qilsa bo‘ladi. Hartugul, rejasi bor, tartibli, tajribali murabbiy. Garchi matbuot anjumanida shogirdlarining o‘yinidan mamnun ekanligini aytsa-da, ichida boshqa gap. Qaysi shogirdining imkoniyati qanday ekanligini bilib bormoqda. Muhimi, bugun qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, ishonchni oqlamagan futbolchi ertaga tarkibga kirmayapti. O‘rnini boshqasi egallayapti. Ishoning, bu biz uchun inqilobiy o‘zgarishga teng. Endi bizda boqimanda futbolchilar bo‘lmaydi. Yoki biror murabbiyning har o‘yinda maydonga tushaveradigan erkatoyi ham yo‘q. Tarkibda shaffoflik paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun ham Kuper qolishi kerak. Jahon chempionatiga chiqish uchun aslida Amerika ochish shart emas, termamizning oyog‘iga tushov bo‘layotgan zanjirlarni yechib tashlash kifoya. Kuper shu ishni sekin-asta uddalamoqda.

Osiyo kubogini unutamiz. Umid qilamizki, bu yog‘iga terma jamoamizning kuchli jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini kuzatamiz. Janob Ektor Kuper, biz sizga ishonishda davom etamiz.

Nizomjon ISLOMOV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!