Yurgen Kloppning keyingi manzili qayer bo‘ladi?

Yurgen Kloppning keyingi manzili qayer bo‘ladi?

"Liverpul" bosh murabbiyi Yurgen Klopp yaqindagina jamoadan ketishini ma’lum qilgan edi. U mavsumni yakunlab, iste’fo beradigan bo‘ldi. Nemis mutaxassisi sakkiz yarim yildan buyon mersisaydliklar sharafini himoya qilib kelayotgan edi. Uning keyingi manzili terma jamoalarda ishlash yoki yana bir katta klubni boshqarish bo‘lishi mumkin.
Klopp o‘rniga Xabi Alonso olib kelinishi taxmin qilinmoqda. Ammo bu hali aniq emas. Klopp keyingi manzili haqida shunday deydi: "Na klub, na terma jamoada ishlamoqchiman. Boshqa ingliz klubini boshqarish niyatim ham yo‘q. Hattoki, yeyishga nonim bo‘lmasa ham, bu sodir bo‘lmaydi. Kamida bir yil dam olmoqchiman".
Quyida Yurgen Kloppning ehtimoliy yangi manzilini o‘rganamiz.

Angliya terma jamoasi

Garet Sautgeytning Angliya termasidagi safari qarimoqda. 2024 yilning oxirida u erkin agentga aylanadi. Hozirga qadar ingliz mutaxassisi 3 ta yirik turnirda jamoani boshqardi va hech narsa yuta olmadi. Sautgeyt o‘rniga kelish, Kloppga "Liverpul"ga qarshi chiqmay, Angliyada qolish imkonini beradi.

Germaniya terma jamoasi

Klopp, vanihoyat, o‘zidan kutilgan ishni amalga oshirishi mumkin. Unga ona yurti jamoasini boshqarish ham topshirilishi hech gap emas. Germaniya FA Xansi Flikni ishdan xaydagach, Kloppni tayinlamoqchi edi. Ammo u rozi bo‘lmadi. Xullas, bu variant ham, Kloppga yuqori ritmga ega bo‘lgan ingliz va klub futbolidan uzoqlashish uchun imkon beradi.

"Real"

"Real"ning murabbiy borasidagi muammosi Anchelottining dekabr oyidagi yangi shartnomasi bilan hal bo‘ldi. Italiyalik mutaxassis Braziliya terma jamoasiga yo‘l olishi mumkin edi. Ammo endi unday bo‘lmaydi. Ayni damda madridliklar "Jirona"dan ortda qolayotganiga qaramay, Anchelottining o‘rni hali mustahkam. Agarda mavsum oxirida La-liga yoki YECHL yutilmasa, u holda Klopp variantini ko‘rib chiqsa bo‘ladi.

"Barselona"

"Barselona"da ham vaziyat chalkashroq bo‘lib turibdi. Xavi bosim ostida qolgan. Garchand o‘tgan mavsumda mamlakat chempionligi qo‘lga kiritilgan bo‘lishiga qaramay, hozir muxlislar yanada ko‘prog‘ini istashadi. Agarda bu mavsum kataloniyaliklar uchun sovrinsiz yakunlansa, Xavi ishdan ketadi. Uning o‘rni esa Klopp bilan to‘ldiriladi.

"Borussiya Dortmund"

Klopp 2015 yilga qadar 7 yil davomida "Borussiya"ni boshqargan edi. Bu davrda u jamoasini ketma-ket Germaniya chempioniga aylantirib, YECHL finaliga olib chiqqan. Hozirda "Borussiya Dortmund"ga yangi va yaxshi murabbiy kerak. Edin Terzichning darajasi esa bunga to‘g‘ri kelmayapti. "Arilar" hozirda 5 o‘rinda, "Bayer Leverkuzen"dan 15 ochko ortda bormoqda. Balki Klopp uchun eski davrlarni eslash vaqti kelgandir?



Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!