Yaxshilik va yomonlik jamlangan oyat
Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqlik, yomon ishlar va zulmdan qaytarur. (U) eslatma olursizlar, deb sizlarga nasihat qilur ( Nahl surasi, 90-oyat)
Alloh taolo bu oyatda dunyo nizomini saqlab turadigan asosiy xususlarga e’tibor qaratgan. Ularni oltiga jamlab, uchtasini qilishga buyurgan, buning aksi bo‘lgan uch yomon ishdan qaytargan.
Buyurganlari: Adolat, ehson va qarindosh-urug‘larga yordam berish.
Qaytargan ishlari: Fahsh-buzuqlik, munkar va zulm.
Ibn Abbos roziyallohu anhu oyatning asl matnidagi adolat dan murod Allohning yagonaligiga guvohlik berish, ehson-ezgu ishlar ni farzlarni ado etish , fahsh-buzuqchilik ni zino , bag‘y ni esa zulm , deya tafsir qilganlar.
Endi ushbu xususlarni alohida-alohida ko‘rib chiqsak.
Adl: Har bir narsani o‘z o‘rniga qo‘yish, haqni joyida qaror toptirish bo‘lib, aksi zulm va nohaqlikdir. Adolat insof va to‘g‘rilik tushunchalarini ham o‘zida aks ettiradi. U jamiyatdagi barcha shaxs, narsa va hodisalarning o‘zaro oltin muvozanatini saqlab turadigan tarozidir.
Shubhasizki, adolatning avvali Alloh taoloning haqqi bo‘lmish ilohlik haqlaridir. Ilohlik haqlarining birinchisi esa, Uning yakka-yu yagona ekaniga ishonish va guvohlik berishdir.
Ehson: Bu so‘z lug‘atda ikki ma’noda keladi: birinchisi bir narsani chiroyli shaklda bajarmoq, ikkinchisi bir kishiga yaxshilik qilmoq. Tilimizda u ana shu ikkinchi ma’noda ishlatiladi. Oyatdagi ehson esa har ikkala ma’noda tafsir qilingan. Birinchisi amallaringni chiroyli tarzda bajar , degan ma’nodaki, uni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Ehson Allohni ko‘rib turganingdek ibodat qilishingdir... , degan mashhur hadislari tafsir qiladi.
Ikkinchisi esa hammaga yaxshilik qilish ma’nosida bo‘lib, uni O‘zing uchun yaxshi ko‘rgan narsangni boshqa birodaringga ham ravo ko‘r , degan hadisi sharif izohlaydi.
Qarindoshga yaxshilik qilish qondosh-qarindoshlarning korlariga yaramoq, imkon darajasida ular muhtoj bo‘lgan xususlarda yordam qo‘lini cho‘zmoqdir. Bu aslida ehsonga tegishli tushuncha bo‘lsa ham, ahamiyati nihoyatda katta bo‘lgani uchun alohida zikr qilingan.
Fahshning lug‘aviy ma’nosi haddan oshishlik, lekin urfda nomusga qaratilgan jinoyatlar tushuniladi.
Munkar: Shariat va insonning sog‘lom tabiatiga to‘g‘ri kelmaydigan, noxush so‘z va amallar.
Zulm: Adolatning ziddi bo‘lib, haddan oshish, birovning haqqiga tajovuz qilishdir.
Yuqoridagi oyat xususida ulug‘ sahobiylardan Usmon ibn Maz’unning ushbu so‘zlari rivoyat qilingan: Men boshida faqatgina Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan uyalganim uchun musulmon bo‘lgan edim. Islom hali qalbimga kirmagandi. Bir kuni u zot huzurlariga borganimda ushbu oyat nozil bo‘ldi. Uni menga o‘qib berganlaridan keyin islom qalbimda qaror topdi .
Abdulloh ibn Mas’ud bu oyat haqida shunday deganlar: Qur’ondagi (yaxshilik va yomonlikni) jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilik ham, chetlanish lozim bo‘lgan yomonlik ham jamlab zikr qilingan .
Bu buyruq va qaytariqlar, yaxshilik va yomonlikni bir-biridan ajratib, izohlab berish orqali Alloh bizga nasihat qiladi. Zero, nasihat kishilik jamiyati uchun barcha zamon va makonda o‘z ahamiyatini, qiymatini aslo yo‘qotmaydi. Ulardan hamisha Allohning mo‘min bandalari o‘zlari uchun eslatma va va’z olishda davom etaveradilar.
Manba: azon.uz
