Yaponiya bosh vaziri 10 yildan buyon bo‘sh turgan rasmiy qarorgohiga ko‘chib o‘tdi

Yaponiya bosh vaziri 10 yildan buyon bo‘sh turgan rasmiy qarorgohiga ko‘chib o‘tdi

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Tokio markazidagi hukumat binolari majmuasida joylashgan rasmiy qarorgohiga ko‘chishni yakunladi. Bu haqda bosh vazir kanselyariyasiga tayanib, «TASS» xabar berdi.

«Uzoq vaqtdan beri birinchi marta ko‘chishdan keyin o‘zimni tetik his qilyapman. Hukumat ishlariga e’tibor qaratish zarurligini hisobga olib, shunday qilish to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘yladim», — dedi Kisida.

U bilan birga to‘ng‘ich o‘g‘li, bosh vazir kotibi bo‘lib ishlayotgan Syotaro ham qarorgohda yashaydi. Turmush o‘rtog‘ining ko‘chib o‘tishi haqida Kisida aniq javob bermadi va rafiqasi tez-tez Tokiodan ona shahriga borib turishini aytdi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, u oilasi bilan aynan qancha vaqt o‘tkaza olishini bilmaydi.

Oktyabr oyida bosh vazir etib tayinlanganidan beri Kisida Akasaka tumanidagi kanselyariyadan mashinada uch daqiqalik masofada joylashgan parlament yotoqxonasida yashashni davom ettirayotgandi. Turar joy, o‘z navbatida, bosh ofisga ulashgan bo‘lib, bu har qanday favqulodda vaziyatda, masalan, tabiiy ofatda amaldor uchun o‘z vazifasiga imkon qadar tezroq kirishish imkonini beradi.

Tokio markazidagi rasmiy qarorgohdan foydalangan so‘nggi bosh vazir Yosixiko Noda bo‘lgan. U 2011 yilning oktyabr oyida qarorgohga ko‘chib o‘tgan. 2012 yilda uning o‘rnini egallagan Sindzo Abe esa qarorgohga ko‘chmasdan Tomigaya tumanidagi uyida rafiqasi va onasi bilan yashagan. Abe bu qarori uchun tez-tez tanqid ostiga olingan.

«Xosiyatsiz» qarorgoh haqida

Yaponiya bosh vazirining rasmiy qarorgohi hozirgi ko‘rinishida 1929 yilda qurilgan. Binoning umumiy maydoni 7 ming kvadrat metrni tashkil qiladi, to‘rt qavatdan iborat, ulardan biri yer ostida joylashgan, bino arxitekturasida ar-deko va ekspressionizm uslublaridan foydalanilgan. 2003 yilda u qayta ta’mirlangan. Ichkarida xorijlik davlat rahbarlari va boshqa rasmiy shaxslar uchun yashash xonalari, ish xonasi, ovqatlanish xonasi va qabulxonalar mavjud.

Mazkur turar joy binosi haqida ko‘plab mish-mishlar va afsonalar yuradi. Ulardan ba’zilari arvohlar bilan bog‘liq. 1994 yilda bosh vazir bo‘lgan Sutomu Xataning rafiqasi o‘z kitobida uyda g‘alati muhit va sovuqlik his qilganini, shuningdek, hovuz yonida oq sharpa ko‘rganini yozgan. Yosiro Mori (2000—2001 yilda bosh vazir bo‘lgan), o‘z navbatida, tunda eshik tutqichlarining shiqirlashi haqida gapirgan. Undan keyingi bosh vazir Dzyunitiro Koidzumi Mori qarorgohdagi arvohlardan ehtiyot bo‘lishni maslahat bergan.

O‘zga dunyo kuchlari haqidagi mish-mishlarga qo‘shimcha ravishda, yaponiyalik siyosatchilar orasida rasmiy qarorgohga ko‘chib o‘tish muddatidan oldin iste’foga chiqishga sabab bo‘lishi haqida qarashlar mavjud.

2012 yilda qaytadan saylangan bosh vazir Abe ikkinchi bor qarorgohga ko‘chmagan, shaxsiy uyida yashashni tanlagan. Oxir-oqibat u hukumat tepasida uzluksiz qolish bo‘yicha rekord o‘rnatgan — 2800 kundan ortiq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!