Yangi paxta navi hosildorlikni ikki barobarga oshiradi

Yangi paxta navi hosildorlikni ikki barobarga oshiradi

Andijon viloyatida global iqlim o‘zgarishi jarayonida qishloq xo‘jaligida tejamkor va hosildor navlarni mamlakatimiz sharoitiga moslash orqali hosildorlikni ikki barobarga oshirish bo‘yicha tajriba ishlari boshlab yuborildi.

— Bunda xitoylik agronomlar bilan hamkorligimiz ijobiy natija berishidan umidvormiz, — deydi paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Andijon filiali direktori Ilhomjon Abdurahmonov. — Sababi Xitoydan keltirilgan urug‘ orqali har gektardan 70 sentnergacha hosil olish mumkin. Vaholanki, respublikamizda bu ko‘rsatkich 30-35 sentnerni tashkil etmoqda.

Bu yil Andijon viloyatida 71 ming 331 gektar maydonga chigit qadash ko‘zda tutilgan. Shundan 7 ming 100 gektariga Xitoy davlatidan olib kelingan ikki turdagi chigit ekiladi. Uning afzallik jihatlari shundaki, avvalo, qo‘l mehnatiga bo‘lgan talabni kamaytirib, yangi nav orqali suvni tejash imkoniyati yaratiladi. Eng muhimi shundaki, an’anaviy usulda paxta yetishtirish jarayonida har gektar maydonga 25-30 mln. so‘m mablag‘ sarflanib, sof daromad atigi 2-2,5 mln. so‘mni tashkil etayotgan bir paytda yangi tajriba orqali daromadni keskin oshirish mumkin.

Hozirda viloyatdagi 316 ta fermer xo‘jaligida xitoy texnologiyasini amaliyotga tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!