Xitoyda oila qurishni xohlovchilar keskin kamaydi
Xitoyda ro‘yxatga olingan yangi nikohlar soni bu yil rekord darajada pasayishi kutilmoqda. Mamlakatda demografik inqiroz kuchaymoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nikoh va tug‘ilish sonining keskin pasayishi Pekin uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Hukumat ishchi kuchi kamayishi va aholi qarishi ta’siridan tobora ko‘proq xavotirlanmoqda.
Fuqarolik ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki uch choragida Xitoyda 4,74 million juftlik nikohdan o‘tgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,6 foizga kam bo‘lib, o‘shanda 5,69 million nikoh qayd etilgandi.
Xitoy aholisi ketma-ket ikki yil davomida kamaymoqda, o‘tgan yili esa tug‘ilish darajasi 1949 yilda Xalq Respublikasi tashkil etilganidan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Bunday pasayish tendensiyasi, ayniqsa, yosh ayollar orasida nikohga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi natijasi hamdir. Chunki ular tobora ko‘proq ma’lumotli va moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lib bormoqda, deyiladi xabarda.
Ish joyida kamsitishlarga va ayollardan bolalar parvarishi hamda uy-ro‘zg‘or yumushlarini bajarishni kutish kabi patriarxal urf-odatlarga duch kelgan ayollar nikohga bo‘lgan ishonchini yo‘qota boshlamoqda.
Inqirozni bartaraf etish uchun Xitoy rasmiylari yoshlarni oila qurishga va farzand ko‘rishga undash uchun moliyaviy rag‘batlantirishdan tortib, targ‘ibot kampaniyalarigacha bo‘lgan ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Rasmiylar uchrashuv va ommaviy nikoh marosimlarini uyushtirib, qishloq joylardagi ko‘plab kambag‘al erkaklar uchun qiyinchilik tug‘diradigan “qalin puli” an’anasini cheklashga urindi. Biroq ko‘pchilik oila qurish va farzand ko‘rishni keyinga qoldirmoqda, tobora ko‘proq yoshlar esa bulardan butunlay voz kechishni ma’qul ko‘radi.