Rossiya Xarkov va Dneprga hujum qildi
Chorshanba kuni ertalab Ukraina shimoli-sharqidagi Xarkovni nishonga olgan Rossiya raketa hujumida kamida olti kishi jarohatlangan, dedi viloyat gubernatori Oleg Sinegubov.
Rossiya ballistik raketalardan foydalangan, deya qo‘shimcha qildi Ukraina harbiy-havo kuchlari.
Sinegubov Telegram’dagi bayonotida hujum “fuqarolarning noturarjoy infratuzilmasiga zarar yetkazganini” aytdi.
Ayni paytda Ukrainaning markaziy qismidagi Dneprda gubernator Sergey Lisak ham keng ko‘lamli hujumlar haqida xabar berib, Moskvani “mintaqa energetika tizimini yo‘q qilishga urinayotganlikda” aybladi.
"Havo signalizasiyasi o‘chirilguncha xavfsiz joyda turing. O‘zingizni ehtiyot qiling!", dedi Lisak qishki sovuq harorat bilan yuzlashgan aholiga.
Gubernatorning qo‘shimcha qilishicha, zarbalar ortidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv operasiyasi natijasida halok bo‘lgan 43 yoshli erkak va yana yaralangan 17 kishi aniqlangan.
Ukrainaning eng yirik xususiy energetika kompaniyasi DTEK chorshanba kuni uning elektr stansiyalari Rossiya tomonidan hujumga uchraganini aytdi.
“Bu joriy yildagi Ukraina energetika sektoriga 13-, kompaniyaning energetika obektlariga qilingan 10- ommaviy hujumdir”, — deyiladi kompaniya bayonotida.