Xitoy kompaniyalari "Amazon" uchun tahdidmi?

Xitoy kompaniyalari "Amazon" uchun tahdidmi?

"Amazon" kompaniyasining onlayn savdoda boshqa raqobatchilaridan asosiy afzalligi - mahsulotlarni tez yetkazib berishida. Ba’zi tovarlarni ertalab sotib olsangiz, o‘sha kunning o‘zida kechgacha olishingiz mumkin. Aksariyatini bir kun ichiga yetkazib berishadi

Ammo bu biznes modeli har doim ham mijozlarni o‘ziga jalb qilishning eng samarali yo‘li bo‘la olmasligi ko‘rinib qoldi. "Shein", "Temu" kabi Xitoy kompaniyalari so‘nggi 1-2 yil ichida AQSh bozoriga jadal kirib keldi. Ular marketingga juda katta pul sarflab, AQShda allaqachon millionlab mijozlarni o‘ziga jalb qila oldi

Bu yangi o‘yinchilarning asosiy afzalligi nimada? Ular buyurtmalarni Xitoydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorga jo‘natadi. Ko‘p sotiladigan tovarlarni Xitoydagi aeroportlarga yaqin yuk omborlariga yig‘ishadi. Buyurtma tushishi bilan ularni samolyot orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozning manziliga yuborishadi

AQShda 800 dollargacha bo‘lgan import tovarlar bojdan ozod qilingani bois, bu jo‘natmalarning deyarli barchasi hech qanday bojsiz kirib keladi.

AQShda yuk omborlari va logistika markazlari bo‘lmagani uchun, "Temu", "Shein" kabi kompaniyalarning "Amazon" kabi katta xarajatlari yo‘q. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoydan jo‘natish ancha arzonga tushadi.

Yagona kamchilik - tovar yetib kelishi uchun 1-2 hafta vaqt ketadi. "Amazon" tovarlari qimmatroq, lekin 1-2 kunda yetib keladi; chunki mahsulotlar AQShning o‘zidagi yuk markazlaridan jo‘natiladi.

"Amazon" ana shu ustunligi tufayli hech qachon arzon, lekin kech yetib keladigan tovarlarni taklif qilayotgan Xitoy kompaniyalarga bozordagi ulushini berib qo‘ymasligiga ishonayotgan edi. Ammo so‘nggi o‘zgarishlar uni xavotra solayotgani bilinib qoldi

"Amazon' yaqinda Xitoydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tovar jo‘natish xizmati yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi: narxlar arzon bo‘ladi, faqat buyurtmani olish uchun 1-2 hafta kutish kerak. Bu Xitoy kompaniyalari taklif qilayotgan biznes modeli bilan bir xil. Bu xizmat "Amazon"ning odatdagi taklifiga qo‘shimcha bo‘ladi. Ya’ni, yetib kelishi uzoq vaqt olsa ham, arzonroq mahsulot olishni istaganlar shu yo‘l bilan buyurtma qilishlari mumkin

Bu xizmat o‘zini qanchalik oqlaydi; Xitoy kompaniyalari bilan raqobatga qanchalik ta’sir qiladi; buni endi vaqt ko‘rsatadi.

"Amazon"ning bu e’loni AQSh bozoridagi "Temu" va "Shein"ni sarosimaga solishi aniq. Lekin Xitoy saytlari taklif qilayotgan rang-barang va arzon tovarlarni "Amazon" qanchalik taklif qila oladi? Menimcha, asosiy masala shunda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!