Xalqaro jinoyat sudi BMTni hibsga olish orderlarini bajarishda yordam berishga chaqirdi
Xalqaro jinoyat sudi (XJS) prezidenti, yapon sudyasi Tomoko Akane BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida so‘zlagan nutqida tashkilotga a’zo davlatlarni sud chiqargan hibsga olish orderlarini bajarishga ko‘maklashishga chaqirdi.
Akane BMT Bosh Assambleyasining yig‘ilishida sudning yillik hisobotini muhokama qilish chog‘ida shunday bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud tomonidan oshkora e’lon qilingan 33 ta hibs orderi hali ijro etilmagan.
“Sud BMTga a’zo barcha davlatlarni XJS order bergan shaxslarni hibsga olish va topshirishda hamkorlik qilishga chaqirmoqda”, — dedi u.
Sudya ayniqsa Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan chiqarilgan hibs orderlariga to‘xtalib, “hibsga olish orderlarini davlatlar yordamisiz amalga oshirish mumkin emas”, — deb ta’kidladi.
Akane Rim statutini imzolagan davlatlarni o‘z qonuniy majburiyatlarini bajarishga qat’iy chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, siyosiy va amaliy qiyinchiliklarga qaramasdan, sud xalqaro adolatni ta’minlash vazifasiga sodiq qolmoqda.
Shu bilan birga u sudga turli shakllarda yordam bergan davlatlar va tashkilotlarga minnatdorlik bildirib, “ularning yordamisiz sud jazosizlikka qarshi kurashni davom ettira olmaydi”, — dedi.
Akanening ta’kidlashicha, BMTga a’zo har bir davlat nafaqat o‘z milliy manfaatlarini, balki butun xalqaro tartibni ham ifoda etadi. Sud faoliyati esa urush va mojaro qurbonlariga o‘z hikoyalarini bayon etish imkonini beradi, qonun ustuvorligi esa global barqarorlikka hissa qo‘shadi.
Ma’lumot uchun, XJS 2024 yil 21 noyabrda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni G‘azo sektorida urush va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, ularni hibsga olish orderini chiqargan edi.
Bunga javoban AQSh prezidenti Donald Tramp 2025 yil 6 fevralda ushbu qaror uchun XJSga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqida farmon imzolagan.
