Poytaxtda "tirik kitob" Xayrulla Asadov jarimaga tortildi
"Tirik kitob" sifatida tanilgan Xayrulla Asadov kitob sotilgani uchun kassa apparatiga 20 ming so‘m kirim qilmagan va xaridorga chek bermagan. Sud unga 2 mln so‘m jarima va 100 ta kitobni musodara qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda "tirik kitob" nomi bilan tanilgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov noqonuniy tadbirkorlik faoliyati uchun jarimaga tortildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari Xayrulla Asadovga tegishli ko‘chma savdo shoxobchasida tekshiruv o‘tkazgan.
Tekshiruv davomida u 20 ming so‘mlik kitob xaridi uchun chek bermagani va ushbu summani kassa apparatiga kirim qilmagani aniqlangan. X.Asadov tadbirkorlik faoliyati bilan tegishli ro‘yxatdan o‘tmasdan shug‘ullangan.
Xayrulla Asadov qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, suddan yengillik berilishini so‘ragan va bundan buyon bunday qilmaslikka va’da bergan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining qarori bilan Xayrulla Asadov MJtKning 176-moddasi 1-qismida (tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, Xayrulla Asadovga tegishli bo‘lgan va 1 mln 520 ming so‘mga baholangan 100 dona kitob musodara qilingan.
Toshkent shahar sudlarida ham ma’naviyat bilan savdo-sotiq o‘rtasida farq borligi aytildi.
"Kitob haqiqatan ham ma’naviyat vositasidir, lekin u sotilganda tovar hisoblanadi va sotuvchi savdo qoidalariga rioya qilishi kerak. Bu masalaning huquqiy jihati. Masalaning ijtimoiy-ma’naviy jihatlari ham bor, albatta. Bu ish holatlaridan kelib chiqib, yuqori turuvchi sud instansiyasida muhokama qilinishi mumkin," deyiladi xabarda.
