Bishkek–Toshkent reysida giyohvand modda olib kirmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi
«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Poytaxt aeroportida Bishkekdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi bojxonadan «yashil» yo‘lak orqali harakatlanib, jomadonida sintetik giyohvandlik vositalarini olib kirishga uringani fosh qilindi.
Go‘yoki sport ozuqasi tarzida olib o‘tilayotgan 2 ta qutidagi 684 dona kapsula tarkibida 560,75 gr. «alfa-PVP» sintetik giyohvandlik moddasi mavjudligi aniqlandi.
Shundan so‘ng mazkur narkojinoyatning ildiziga yetib borish maqsadida kompleksning Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari vakillarini jalb qilgan holda Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ya’ni, xorijdan olib kirilgan 560,75 gr. «alfa-PVP» sintetik giyohvandlik moddasini qabul qilib olishi kerak bo‘lgan shaxs ham Bektemir tumanida qo‘lga olindi.
Ushbu shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 114 dona kapsulada taxminan 80 gr. og‘irlikdagi «ALFA-PVP» sintetik giyohvandlik moddasi va ularni tarqatish uchun hozirlangan 37 dona o‘ramchalar, 2 gr. og‘irlikdagi «marixuana», 2 dona o‘ramda 30 gr. og‘irlikda boshqa turdagi sintetik narkotik modda, 4 dona elektron tarozi, izolentalar va zip paketlar mavjudligi aniqlanib, daliliy ashyo tariqasida olindi.
