WSJ: Eron yadro bitimi bo‘yicha AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortdi

WSJ: Eron yadro bitimi bo‘yicha AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortdi

Eron Yevroittifoqning Tehron va Vashington o‘rtasida Eron yadro dasturi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkillashtirish haqidagi tashabbusni rad etdi. Bu haqda The Wall Street Journal ikki nafar yuqori mansabli diplomatik manbasiga tayanib xabar berdi, deb yozadi «RBK».

Nashr hamsuhbatlariga ko‘ra, Eron hukumati AQSh uchrashuv o‘tkazilganidan keyin ba’zi sanksiyalar bekor qilinishiga kafolat bermagunicha, unda qatnashish imkoniyatini istisno qildi.

Diplomatlar fikricha, Eron hukumatining xatti-harakatlari AQSh va Yevroittifoq munosabatlarida keskinlik kuchayishiga olib keladi. Ammo ular yaqin oylar ichida bevosita muzokaralar o‘tkazilishi uchun umid hali ham borligini aytib, Tehronning harakatlarini esa ularga «ta’sir o‘tkazish vositasiga ega bo‘lish»ga urinish deb qabul qilish kerak. Muzokaralar mart oxirida bo‘lib o‘tishi mumkin, deya qayd etadi WSJ.

Gazeta yozishicha, AQSh ushbu maslahatlashuvlarda qatnashishga shayligini bildirgan, ammo ular o‘tkazilguniga qadar sanksiyalarni yumshatishdan bosh tortgan.

Reuters Oq uy vakiliga tayanib xabar berishicha, AQSh hukumati Eronning yadro dasturi bo‘yicha AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik muloqot o‘tkazish haqidagi Yevroittifoq taklifini rad etganidan hafsalasi pir bo‘lgan. «Biz Eronning javobidan hafsalamiz pir bo‘lgan bo‘lsa-da, Keng qamrovli qo‘shma harakatlar rejasi doirasida majburiyatlarga amal qilishga o‘zaro qaytishga erishish uchun diplomatik harakatlarni qayta boshlashga hamon tayyormiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington keyingi qadamlar borasida «5+1» formati (BMT Xavfsizlik kengashining beshta doimiy a’zosi va Germaniya) boshqa ishtirokchilari bilan maslahatlashishga tayyor.

21 fevral kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Jo Bayden Tehron bilan Eron yadro dasturini cheklash bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden yadro qurolini qo‘lga kiritish masalasida Eronni tiyib turmoqchi va buning uchun eng yaxshi vosita «qunt va ziyraklik talab qiladigan diplomatiya»dir.

Avvalroq AQSh Eron bilan diplomatik aloqalarga ochiqligi, ammo Tehronga qarshi joriy etilgan bir tomonlama sanksiyalarni yumshatmoqchi emasligi haqida Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki aytib o‘tgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil, 11 yanvar kuni sobiq prezident Donald Tramp Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilish haqdagi tegishli qarorni imzolagan edi. Donald Tramp mazkur sanksiyalarni 8 yanvar kuni Eronning Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga bergan zarbalariga javoban e’lon qilgan.

AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik AQSh tomonidan Eronning eng nufuzli generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgach, yanada kuchaydi. Bunga javoban Eron 2020 yil 8 yanvar kuni AQShning Iroqda joylashgan ikkita harbiy bazasiga raketa zarbalarini berdi.

Shuningdek, 2019 yil dekabr oyida AQSh Eronning kemada yuk tashuvchi IRISL Group kompaniyasi, uning Xitoydagi sho‘’basi E-Sail Shipping Company Ltd, shuningdek, Eronning Mahan Air aviakompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan. Ta’kidlanishicha, sanksiyalarni joriy etish uchun ularning «ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish bilan bog‘liq» transport tashuvlarini amalga oshirgani asos bo‘lgan.

Bundan tashqari, davlat departamentidan ma’lum qilishlaricha, «qurollarni Yamanga olib kirishga yordam bergan» sakkizta Eron tuzilmalari ham sanksiya ta’siri ostiga tushgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!