Samarqandning 2025 yilgi byudjeti tasdiqlandi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining beshinchi sessiyasida viloyatning 2025 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Bu haqda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, yaqinda qabul qilingan “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2025-yilgi daromadlari 5 trillion 915,3 milliard so‘m va xarajatlari 8 trillion 8,6 milliard so‘m hamda respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 2 trillion 93,3 milliard so‘m etib belgilangan.
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan biznes uchun soliq tizimining barqarorligini ta’minlash, soliq yuki keskin oshishining oldini olish, tadbirkorlik muhiti barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalari o‘zgarishsiz saqlab qolinmoqda – dedi F.Abilov. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi 4 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz (byudjet tashkilotlari uchun 25 foiz), yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliq stavkasi 12 foiz miqdorida o‘zgarishsiz saqlab qolinadi.
Viloyatning 2025 yil uchun byudjet xarajatlarida ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar uchun 2 trillion 31,6 milliard so‘m mablag‘ rejalashtirilmoqda. Byudjet xarajatlarining 61 foizi yoki 4 trillion 900,7 milliard so‘mi (2014 yilga nisbatan 629,3 milliard so‘mga ko‘p) ijtimoiy soha xarajatlari uchun yo‘naltiriladi. Xususan, ta’lim sohasiga 1 trillion 370,6 milliard so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 3trillion 238,4 milliard so‘m (2024 yilga nisbatan 18,3 foiz ko‘p) mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda.
Tashabbusli byudjetni moliyalashtirish uchun jami 639,7 milliard so‘m (2024 yilga nisbatan 181,4 milliard so‘m yoki 40 foiz ko‘p) mablag‘, shu jumladan, yangi yo‘nalish “Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish uchun mahalliy byudjetlarda 76,1 milliard so‘m (har bir maktab uchun 60,2 million so‘mdan) mablag‘ ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyotga yo‘naltirilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar qariyb 635,8 milliard so‘mni tashkil etib, jami xarajatlarning 8 foizini tashkil etadi.
Mazkur masala yuzasidan Respublika Hisob palatasi shu’ba boshlig‘i Z.Ibotov, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i E.Tolliyev, byudjet tashkilotlari rahbarlari, deputatlar o‘z fikrlarini bildirdi va viloyatning 2025 yilgi mahalliy byudjeti tasdiqlandi.