O‘zbekistonda 2024 yilning besh oyida qancha o‘quvchi YTH oqibatida halok bo‘lgani ochiqlandi

O‘zbekistonda 2024 yilning besh oyida qancha o‘quvchi YTH oqibatida halok bo‘lgani ochiqlandi

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisalarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, ularning 57 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgani ma’lum bo‘lgan.

Sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bog‘liq holatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9 548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, tegishli svetoforlar o‘rnatilmagan.

Oqibatda 2024 yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.

2024 yil 1 yanvar holatiga respublikadagi jami 209,3 ming km avtomobil yo‘llarining 56,1 ming km qismi yoki 27 foizi ta’mirtalab holatda.

2023 yil va 2024 yilning 5 oy davomida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mas’ul xodimlari tomonidan yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq qariyb 11 ming kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, ularni bartaraf etish yuzasidan avtomobil yo‘llari egalariga jami 5 yarim mingta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritilgan.

Avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli 2023 yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan.

Sodir etilgan 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

2023 yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.

2024 yilning 5 oyida esa mamlakat bo‘yicha sodir bo‘lgan umumiy yo‘l-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan bir paytda ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 12,8 tani, Toshkent viloyatida 12,2 taga, Namangan viloyatida 9,1 taga va Farg‘ona viloyatida 8,4 taga yetgan.

O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand, Toshkent (80 tadan), Farg‘ona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida hamon yuqoriligicha qolmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!