Umid Ahmadjonov Ektor Kuperning La Ligaga qaytishi haqidagi xabarlarga izoh berdi

Umid Ahmadjonov Ektor Kuperning La Ligaga qaytishi haqidagi xabarlarga izoh berdi

Kecha, 1 oktyabr kuni Ispaniyaning SuperDeporte nashri «Ektor Kuper Ispaniya chempionatiga qaytishi mumkin» sarlavhasi ostida xabar chop etgan edi. Xabarda La Liga ishtirokchisi – «Ueska» klubi rahbariyati bosh murabbiy Leo Franko bilan xayrlashib, uning o‘rniga Ektor Kuperni taklif qilishni rejalashtirayotgani aytilgan. Bundan bir kun avval esa nufuzli Marca nashri ham shu haqida mish-mishlar borligini qayd etib o‘tgandi.

Avgust oyidan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ustozlik qilayotgan argentinalik mutaxassisning La Ligaga qaytishi haqidagi bu kabi mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz O‘FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan bog‘landi. Ahmadjonovning bildirishicha, bunday xabarlar asosga ega emas va Ektor Kuper kelishilgan shartlar asosida o‘z lavozimida ishlashda davom etadi.

«Ektor Kuper terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishidan oldin u bilan uzoq vaqt davomida jiddiy tarzda muzokaralar olib borilgan bo‘lib, yakunda professional shartnoma imzolangan. Bu kabi tajribali mutaxassisdan jamoasini yarim yo‘lda tashlab ketishini kutish mantiqsizlik bo‘lardi», - deya ta’kidladi Umid Ahmadjonov.

«Kuper O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyatini optimistik ruhda davom ettirmoqda. Biz ushbu murabbiy qo‘l ostida terma jamoamiz Osiyo kubogida muvaffaqiyatli qatnashish bilan birga ilk marta Jahon chempionatiga yo‘llanma olishiga ishonch bildirganmiz», - deya qo‘shimcha qildi O‘FA birinchi vise-prezidenti Kun.uz bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, 62 yoshli Ektor Kuper va O‘FA o‘rtasida «3+1» sharti bilan bitim imzolagan. Murabbiyni tanishtirish marosimida O‘FA Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Diyor Isametdinov O‘zbekiston mundialga saralash siklini ilk marta to‘liq yagona murabbiy qo‘l ostida o‘tkazishini ma’lum qilgan edi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!