Ukraina prezidenti ofisi Zelenskiyni masxara qilgan Ilon Maskka javob qaytardi

Ukraina prezidenti ofisi Zelenskiyni masxara qilgan Ilon Maskka javob qaytardi

Amerikalik milliarder Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni masxara qilib, mem joyladi. Memda Zelenskiyning surati ustiga “Milliard dollar yordam so‘ramaganingga 5 daqiqa bo‘lganida” deb yozilgan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mazkur memni tanqid qilib, Ilon Maskka murojaat qildi. Podolyak Rossiyani qo‘llab-quvvatlash urush va Ukraina xalqining genosidiga qo‘yilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya ekanini eslatdi.

“Bugungi kunda Rossiyaga har qanday yordam urushga, genosidga, erkin dunyoni o‘ldirishga, eskalasiya va jazosiz qolish huquqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyadir. Ukraina bo‘yicha har qanday sukunat yoki kinoya ommaviy zo‘ravonlik va qirg‘inni oqlaydigan Rossiya tashviqotini so‘zsiz rag‘batlantirishdir”, — dedi Podolyak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush episentridan ming kilometr uzoqlikdagi media vakillarining barchasi ham har kuni sodir bo‘layotgan portlashlar va ota-onalarini yo‘qotayotgan bolalar yig‘isi nimani anglatishini tushuna olmaydi.

“Ba’zida sukut saqlash ma’qul, shunday emasmi, Ilon Mask?” — deb qo‘shimcha qildi Podolyak.

Biroq keyinroq u o‘z postini o‘chirib tashladi va Ilon Mask haqidagi eslatmani olib tashlab, yangisini chop etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!