Tuhmat bilan qamalgan surxondaryolik fermer turmada vafot etdi. Keyinchi...

A A A
Tuhmat bilan qamalgan surxondaryolik fermer turmada vafot etdi. Keyinchi...

Surxondaryolik (Uzun tumani) fermer Azamat Hasanovdan 2008 yilda «qo‘lbola qoradorifurush» yasalib, 16 yilga «kesil»di. Unga ozodlikka chiqish nasib etmadi, mahkumlikning oltinchi yilida, 62 yoshida turmada vafot etdi. Vafotidan ma’lum vaqt o‘tib, juda kech bo‘lsa-da, oqlandi, shukr. Biroq bu oqlanishni to‘la reabilitasiya qilindi deyish qiyin. Zero, reabilitasiya «noqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, yoki mulkiy hamda boshqa qonuniy manfaatlari cheklangan shaxsning oqlanishi va unga keltirilgan moddiy va ma’naviy zararning qoplanishini ko‘zda tutadi» (Konstitusiyaviy huquq. Ensiklopedik lug‘at. Mas’ul muharrir va mualliflar jamoasining rahbari B.Mustafoyev – Toshkent: «O‘zbekiston nashriyoti», 2006 yil).

Fermerning nohaq qamalgani, turmada vafot etgani-yu bularning oqibatida yetkazilgan zararlar qonunga binoan uning merosxo‘rlariga to‘lanishi kerak. Shunga ko‘ra Jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Surxondaryo viloyat sudi 2018 yilning 18 martida marhum A.Hasanovning to‘ng‘ich o‘g‘li Oybek Hasanovning arizasiga asosan yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalasini ko‘rib, ajrim chiqardi. Ammo sud arizada ko‘rsatilgan to‘qqiz banddan iborat zararlar ro‘yxatidan faqat bittasini tan oldi – marhumning o‘zi rais bo‘lgan «Azamat» fermer xo‘jaligidan ololmay qolgan oylik ish haqini u hibsga olinganidan (2007 yil 3 noyabr) to vafotiga (2013 yil 21 may) qadar bo‘lgan davr uchun hisobladi. Aniqrog‘i, oylik maosh summasini 2007 yilgi (565 ming so‘m) holicha (go‘yo shu 12 yil davomida O‘zbekistonda umuman inflyasiya bo‘lmagan, ish haqlari oshmagandek!) oylarga ko‘paytirib hisoblab, jami 37 mln 855 ming so‘m undirish to‘g‘risida ajrim chiqardi. Bu esa so‘ralayotgan zarar miqdorining o‘ndan biri ham emas.

Fermerning qamalishi...

Tushunarliroq bo‘lishi uchun shu yerda ozgina tarixga qaytaylik. Yuqorida tilga olgan marhum, sud-huquq tizimining xatosi (afsuski, bu so‘z hamisha kichik harflarda yoziladi, garchi oqibati qanchalik katta bo‘lsa ham...) tufayli hayotining oxirgi yillarini qamoqda o‘tkazgan Azamat Tursunaliyevich Hasanov o‘sha paytlarda Surxon vohasida nomi chiqqan mirishkor fermer va shunga yarasha badavlat odam edi. 2002 yilda sobiq «kolxoz»ning tashlandiq fermasi o‘rnida «Azamat» fermer xo‘jaligini tashkil etib, g‘alla va paxta ekkan, chorva boqqan. Dehqonchilikda katta yutuqlarga erishgan. Xususan, 2007 yilda Uzun tumani bo‘yicha davlatga hammadan ko‘p – 170 tonna (40 gektar yerdan) paxta topshirgan. Fermer xo‘jaligining moliyaviy farovonligini quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi: 2006-2007 yillarda uning sof foydasi 61 million so‘mdan ortiq bo‘lgan ekan, birgina 2007 yil uchun byudjetga 57 million so‘mdan ortiq soliq to‘lagan. Bundan tashqari, Azamat Hasanov 1990-yillar o‘rtalarida kimoshdi savdosida 2 gektar yer sotib olib barpo etgan uzumzoridan ham har mavsumda 120 tonnagacha hosil ko‘targan.

Tanigan-bilganlar uni «boyligiga yarasha qo‘li ochiq, saxovatpesha odam edi», deb ta’riflashadi. Mahalladagi 1500 o‘quvchili maktabni otaliqqa, bolalar bog‘chasini homiylikka olgandi, muhtoj, qo‘li kalta xonadonlardan yordamini darig‘ tutmagan (bu faktlarni mahalladoshlar sudga vakillar yuborib tasdiqlashdi ham). Xususan, qamalishi arafasida ham A.Hasanov o‘z yonidan Uzun tumani markaziy shifoxonasiga oshxona qurib berish tashvishi bilan yurgan edi...

Ammo uning bunday jo‘shqin faoliyati sobiq MXXning, Prezident ta’biri bilan aytganda, «Surxondaryoni ot o‘yin qilib tashlagan» mashhur amaldorlari «nazariga tushib qoldi». Azamat Hasanov nafaqat tuman, balki butun vohada ko‘zga ko‘rinayotgan kunlarning birida uni MXX viloyat boshqarmasiga chaqirishadi. O‘sha paytlarda Boshqarmaning tergov bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari bilan Azamat Hasanov o‘rtasida qanaqa suhbat kechganiyu, fermerda uning nima xusumati bo‘lgani noma’lum (farzandlarining so‘zlariga ko‘ra, undan «eson-omon yurishi uchun» cho‘tal talab qilishgan. Cho‘talki, naqd 500 ming dollar! Ammo Azamat Hasanov ko‘nmagan. Balki qonun bilan muammosi yo‘qligiga ishonchi komil bo‘lgani uchun tahdidni jiddiy qabul qilmagandir, kim bilsin...). Biroq, oradan bir necha kun o‘tib, fermer qo‘lga olinadi: uning yaqindagina sotib olgan «Toyota Prado»mashinasidan 1 kilodan ortiq (1 kg. 50 gr. 280 mgr.) geroin va «Kalashnikov» avtomati tig‘-pichog‘i «topiladi»!..

Voqea 2007 yilning 3 noyabr sanasida sodir bo‘lgan bo‘lsa, 2008 yilning 29 yanvar kuni JIB Surxondaryo viloyati sudi hukm o‘qiydi, aniqrog‘i, sud amalda MXX viloyat boshqarmasi tergov bo‘limining ayblov xulosasiga go‘yoki «qo‘l qo‘yib» beradi: fermer Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari oldi-sotdisi) 5-qismi, shuningdek, qo‘shimcha «yopishtirilgan» 219-moddaning (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, uzil-kesil 16 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi va amnistiya aktiga asosan jazoning o‘talmay qolgan qismi chorak hissaga qisqartirildi. Yap-yangi «Toyota Prado» avtomobili va fermerning cho‘ntagidan chiqqan 200 dollar pul esa «jinoyat quroli» sifatida musodara qilindi...
Bu achchiq tarixning eng fojiali qismi shundaki, 2004 yilga qadar ikki marta infarkt o‘tkazgan, kamiga, qandli diabet kasali bo‘lgan Azamat Hasanov «muddati»ni oxirigacha o‘tay olmaydi – 2013 yil 21 may kuni UYa 64/65 JIEMda (Zangiota tumani) vafot etadi.

... va oqlanishi

Xo‘sh, fermerning aybsizligi qanday yuzaga chiqdi?

Xabaringiz bor, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylangach, avvalo sobiq MXXni isloh qilishga yeng shimargan edi. Shu jarayonda o‘z vakolatlaridan jinoiy maqsadlarda foydalangan qator katta mansabdorlarning kirdikorlari fosh bo‘lib, tizim yaxshigina tozalandi. Jumladan, Azamat Hasanovga qasdlashgan tergov bo‘limi boshlig‘i Nodir To‘raqulovga ham navbat yetib keldi (Bu paytda u MXX Tergov boshqarmasi rahbarligiga ko‘tarilgan edi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda u uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan).

Prezident ko‘rsatmasi bilan sobiq MXX mansabdorlarining jinoyat ishi tergovi doirasida Surxondaryoda ulardan zulm va zug‘um ko‘rgan barcha tadbirkorlardan ma’lumot yig‘ilgani OAV orqali xabar qilingan. Mazkur tergov-surishtiruv jarayonida qanchadan-qancha «ko‘milib ketgan iz»lar ochilgani ham aytilmoqda. Jumladan, MXX «erka»sining Surxondaryodagi qora ishlari elakdan o‘tkazilishi asnosida Azamat Hasanov mavzusi ham ko‘tariladi va sobiq «chekist» fermerni nohaq qamatib yuborganiga iqror bo‘ladi!.. O‘zining tan olishicha, buyruqni yuqori amaldagi rahnamosi (ayni paytda u ham qamoqda) bergan, u esa xodimlari orqali geroin bilan avtomat tig‘-pichog‘ining Azamat Hasanov avtomashinasiga «tashlab qo‘yilishini» ta’minlagan. Xullas, uning harbiy prokuratura tergovchisiga bergan mazkur ko‘rsatuvi asos bo‘lib, JIB Surxondaryo viloyati sudi 2018 yil 25 dekabrdagi ajrimi bilan Azamat Tursunaliyevich Hasanovga nisbatan 10 yil muqaddam chiqarilgan hukmni bekor qiladi, uni aybsiz deb topib, «jinoiy hodisa yuz bermagani sababli», oqlaydi. Shuning barobarida, unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi doirasidagi tezkor tadbir o‘tkazish, dalillarni yig‘ish, guvohlik olish, jinoyat ishini malakalash kabi prosessual xatti-harakatlarda qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi ham e’tirof etildi (Demak, bitta «erkatoy»ning xohishi bilan sud-huquq tizimidagi qancha xodim noqonuniy xatti-harakat sodir etgan...).

Nohaqlik qurbonlari uchun oqlov katta muvaffaqiyat! Ammo oqlangan shaxs reabilitasiya qilinishi, ya’ni qonunga xilof harakatlar natijasida unga yetkazilgan moddiy-ma’naviy zarar to‘la qoplanishi ham shart – adolatli qonunlarimiz shuni taqazo etadi. Marhumning o‘g‘li Oybek Azamatovich Hasanov shu bois ham otasi oqlanganidan so‘ng, JPKning 302-moddasiga muvofiq, moddiy zararni qoplash to‘g‘risida JIB Surxondaryo viloyat sudiga ariza bergan edi.

So‘ralayotgan moddiy zarar ro‘yxati

Xo‘sh, O.Hasanov qanday moddiy zararlarning qoplanishini talab qilmoqda? Quyida uning arizasidan ko‘chirma (imloviy va uslubiy tuzatishlar bilan) keltiramiz:

«1. Otam A.T.Hasanovga tegishli, 2007 yilda, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganida olib qo‘yilgan va davlat foydasiga o‘tkazilgan, 64 ming AQSh dollariga baholangan «Toyota Prado» rusumli avtomashina hamda 200 AQSh dollari;

2. Har ikki oyda otam A.T.Hasanov bilan uzoq muddatli uchrashuvga sarflangan xarajatlar: 7 yil davomida 42 marta 24 kg.dan oziq-ovqat berilgan bo‘lib, har bir uzoq muddatli uchrashuv uchun 3 mln so‘mdan pul sarflangan. Jami: 126 000 000 so‘m;

3. Har ikki oyda otam A.T.Hasanov bilan qisqa muddatli uchrashuvga sarflangan xarajatlar: 7 yil davomida 42 marta 24 kg.dan oziq-ovqat berilgan bo‘lib, har bir qisqa muddatli uchrashuv uchun 3 mln so‘mdan pul sarflangan. Jami: 126 000 000 so‘m;

4. Otam A.T.Hasanovga 7 yil davomida berilgan 130 mln so‘mlik dori vositalari (Hasanov yuragi xasta, ham qandli diabeti bo‘lgani sababli alohida parvarish va dori-darmonga ehtiyojmand bo‘lgan – izoh muallifniki);

5. Otam A.T.Hasanov jazoni o‘tagan UYa 64/65 JIEMga kelib-ketish uchun sarflangan yo‘lkira haqi: 7 yilda 84 marotaba, har biriga 100 AQSh dollaridan – jami 8400 AQSh dollari;

6. Otam A.T.Hasanov bilan uchrashish uchun oila a’zolari 84 marotaba Toshkentga kelganida har kelishida 2 kundan mehmonxonada qolgan. Har bir kun uchun 100 AQSh dollaridan sarflangan, jami: 16 800 AQSh dollari;

7. Otam A.T.Hasanovning o‘zi rais bo‘lgan «Azamat» fermer xo‘jaligidan olgan oylik ish haqi. 2007 yilgi ma’lumotga ko‘ra u oyiga 565 000 so‘m maosh olgan;

8. Otam A.T.Hasanov rais vazifasida ishlagan «Azamat» fermer xo‘jaligidan olgan sof foyda 2006-2007 yillarda yiliga 61 372 720 so‘mni tashkil qilgan;

9. Otam A.T.Hasanov oilaviy tadbirkorligi natijasida yetishtirilgan uzumzordan olingan 120 tonna uzum mevasining narxi har yilga 360 000 000 so‘mni tashkil qilgan».

(Ko‘chirma tugadi).

Shu o‘rinda so‘nggi ikki band nega kiritilganiga izoh berib o‘tsak. Qonunchilikda «boy berilgan foyda» degan tushuncha mavjudki, u ham reabilitasiya qilingan shaxs talab qilishga haqli bo‘lgan moddiy zararlar sirasiga kiradi. Fuqarolik kodeksining 14-moddasidan o‘qiymiz:«Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi».

Sud bu da’volarga nima dedi?

Yuqorida qayd etganimizdek, sud 9 bandda ko‘rsatilgan moddiy ziyondan faqat bittasini tan olgan – Azamat Hasanovning 67 oy davomida oylik ish haqidan mahrum bo‘lganini (yana tag‘in shuncha vaqt davomida umuman oshmagan holda).

Shuningdek, sud 2019 yil 18 martdagi ajrimida:

davlat foydasiga o‘tkazilgan chog‘da yap-yangi bo‘lgan «Toyota Prado» avtomobili va 200 dollar pulni undirish masalasida nohaq aylovga aloqador bo‘lgan sobiq MXX amaldorlariga «oid jinoyat ishi bo‘yicha murojaat qilishni lozim topdi»;

oilaning Azamat Hasanov bilan uchrashuvlarga borib-kelish uchun qilgan xarajatlari (oziq-ovqat va dori-darmon xarid qilishga, yo‘lkira, mehmonxonaga sarflangan mablag‘lar)ni «ushbu xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagani sababli» tan olmadi;

«boy berilgan foyda» yuzasidan da’volarni esa «A.Hasanov ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan bo‘lsa-da, fermer xo‘jaligini uning farzandlari yuritib ham shuncha daromad qilishi mumkin bo‘lgan» degan vaj bilan asossizga chiqardi.

Sud vazifasini qay darajada bajardi?

Albatta, sudning qarori hamisha oxirgi so‘z hisoblanadi. Shu bois ham uni muhokama qilish bizning vazifamiz emas. Ammo masalaning boshqa tomoni bor — sud qaror chiqarish mobaynida prosessual qonun talablariga rioya etdimi, o‘z zimmasidagi vazifalarni bajardimi, nimalarnidir bilibmi-bilmaymi unutib qoldirmadimi?

JPKning 306-moddasiga ko‘ra, reabilitasiya etish to‘g‘risida qaror chiqargan sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi reabilitasiya etilgan shaxsdan ariza tushgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan ziyon miqdorini aniqlashi, zarurat tug‘ilganda buning uchun moliya organlaridan va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridan hisob-kitob talab qilib olishi lozim. Ish kassasiya yoki nazorat tartibida ko‘rish chog‘ida sud tomonidan tugatilgan bo‘lsa, ziyon miqdorini hukm chiqargan sud aniqlaydi.

A.Hasanovga oid jinoyat ishini kassasiya tartibida ko‘rib, uni oqlagan JIB Surxondaryo viloyat sudi edi. Binobarin, reabilitasiya jarayoniga shu mahkamaning o‘zi bosh-qosh bo‘lishi kerak ekan. Qonun moddiy zararni aniqlash, kerak bo‘lsa, buning uchun moliya va statistika idoralarini jalb qilish vazifalarini ham sudning zimmasiga yuklamoqda. Zero, orada o‘tgan shuncha vaqt mobaynida ish haqlari necha marta va qancha miqdorda oshganiyu narx-navo yil sayin nechog‘li o‘zgarganini tegishli tashkilotlar ko‘magisiz aniqlab bo‘lmasligi kundek ravshan. Ammo sud moliya organlariga murojaat qilganmikan? Ajrimda fermerning 67 oylik ish haqi 12 yil burungi koeffisiyent bo‘yicha hisoblab chiqarilganiga qaraganda... dargumon.

A.Hasanov oilasining u bilan uchrashuvga Surxondaryodan Toshkentga kelib-ketishiyu oziq-ovqat va dorilar sotib olish, mehmonxona xarji kabi chiqimlariga kelsak, bu sarf-xarajatlarning hujjatlari sudga taqdim etilmagani rost. Bo‘lsa taqdim etiladi-da! Aksar hollarda 2-3 kishi bo‘lib xususiy kirakash avtomashinada kelib-ketishgan – rasman qayd etilmagan. Dori-darmon – aptekalardan, oziq-ovqat esa bozoru do‘konlardan xarid qilingan, to‘lov qog‘ozlari bo‘lmagan, bo‘lsa ham saqlab qo‘yilmagan. Mehmonxona kvitansiyalari ham. Xullas, tuhmat bilan «yotgan» kasal otani ko‘rgani Surxondan Toshkentga 84 marta uchrashuvga kelib-ketgan farzandlar, har gal yegulik va dorilardan iborat 24 kg. yuk bilan kelishganini hujjatlar bilan tasdiqlay olishmaydi rostdan.

Shu nuqtai nazardan, sud o‘z e’tirozlarida haqlidek. To‘lov qog‘ozlari bo‘lmasa, zararni qaysi hujjatga asosan hisoblaydi axir?

– Yo‘q, aslo unday emas, – deydi Oybek Hasanovning ishonchli vakili, Toshkent shahridagi «Adolat ustivorligi sari» advokatlar hay’ati advokati Qodir Yulchiyev. – Bunday holatda sud jazoni ijro etish muassasasiga murojaat qilishi lozim edi. Zero, UYa 64/65 JIEMda A.Hasanovning qarindoshlari qachon, necha marta, necha kishi bo‘lib uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlarga kelganiyu o‘zlari bilan necha kilogramm yuk (qancha oziq-ovqat va qay turdagi dori vositalari) keltirishgani haqida ma’lumot mavjud (Bunaqa muassasalarda mahkumlar bilan uchrashuvlar vaqti, borgan kishilar ism-familiyasi, yuklari miqdori, hatto turlarigacha «temir» daftarlarga tirkaladi). Ulardan ko‘chirma olish uchun sudning so‘rovnoma yuborishi yetarli edi. Ammo sud bu vazifasini bajarmagani tufayli endi bu ishni o‘zimiz bajarishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Taassufki, yaqinda qayta tashkil etilgani bois UYa 64/65 muassasasidan ma’lumot olishimizning imkoni bo‘lmadi. Shu bois Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga so‘rovnoma jo‘natdik, javobini kutyapmiz.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, JIEMdan ma’lumot olinsa, ko‘p narsa oydinlashadi.

Marhum A.Hasanovning infarkt oqibatlari va qandli diabetdan davolanib yurgani esa fakt. Buni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud. Bunaqa xastaliklar profilaktikasi va muolajasida bemor qanaqa dori preparatlarini qabul qilishini esa ixtisoslashgan tibbiyot muassasasidan, dorilarning turli yillardagi narxlarini statistika idoralari yoki farmasevtika tashkilotlaridan bilib olish mumkin.

Qolaversa, xasta bo‘lgani uchun oila a’zolari har borganlarida unga sifatli, sara yeguliklar eltishgan. JIEM bularni ma’lumotnomasida tasdiqlab bersa, sudga qoladigani – ularning narxlarini belgilashu tafovut va inflyasiyadan kelib chiqib, umumiy sarf-xarajatni chiqarish.

Tabiiyki, bunday ekspertiza tadbirlari sud tashabbusi va rahbarligida o‘tkazilishi kerak. JIB Surxondaryo viloyat sudi esa qonunda belgilangan bu kabi vazifalarini bajarmagan.

Yo‘lkira va mehmonxona xarajatlari ham gap shu: guvohlik, so‘rovlar, ma’lumotlarni qiyoslash va tahlil qilish orqali aniqlanishi lozim. Viloyatlar bilan poytaxt o‘rtasida asosiy transport – bu kirakash mashinalar, A.Hasanov oilasi har doim yollanma xususiy avtomobilda Toshkentga qatnar, keliboq mehmonxonaga tushishar va ertasiga Zangiotaga yo‘l olishardi. JIEM tartib-taomillaridan o‘tib, ota bilan uchrashguncha qosh qorayib qolgach, tag‘in bir kecha mehmonxonada tunashar va ertasiga uylariga qaytib ketishar ekan. Sud bu faktlarni o‘sha mehmonxonalardan so‘rovlar orqali ma’lumot yig‘ish bilan aniqlashida muammo yo‘q. Yo‘l chiqimlariga kelsak, o‘sha kezlarda Hasanovlarni Uzun tumanidan Toshkentga eltgan bir necha xususiy avtomashina haydovchilarini qidirib topildi, ular guvohlik berishga tayyor. Lekin ularning guvohligiga mahtal sud qani deysiz?

Sudning «boy berilgan foyda» masalasidagi e’tirozi ham noo‘rin.
Ajrimda sud «A.Hasanovning farzandlari ham yerdan o‘shancha daromad olishi mumkin edi», deya oson qutulmoqchi bo‘lyapti. Bu xuddi «Bolalari otasidek ishbilarmon bo‘lmasa, bizda nima ayb» deganday puch iddao. Fuqarolik kodeksining 14-moddasiga diqqat qiling: «...shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari» haqida gap borayapti. Azamat Hasanovning qamalishidan oldin yiliga falon million daromad qilgani esa fakt – soliq idorasi buni tasdiqlab turibdi. Demak, qamalib ketmaganida, ya’ni, qonunda ta’riflanganidek, o‘z huquqlari buzilmaganida, odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida har yili kamida shuncha daromad olishi mumkin edi. Qolaversa, dehqonchilikdan ilmidan yiroq farzandlar boshlariga tushgan og‘ir musibat va tashvishlar bilan bo‘lib xo‘jalik ishlariga yetarlicha hafsala qila olishmagan. Natijada ekin-tikin, uzumzor qarovsiz qolib, daromadning barakasi uchgan. Bu boy berilgan foyda bo‘lmay?!

Aybdor shaxslar nega moddiy javobgarlikka tortilmayapti?

Bordiyu JIB Surxondaryo viloyat sudi davlat byudjetiga «achinayotgan» bo‘lsa, byudjetga tegmasdan ham marhum fermerning reabilitasiya qilinishini va moddiy zarar da’volari qondirilishini ta’minlashi mumkin edi. Mutlaqo qonuniy yo‘l bilan. Qanday qilib?

Fuqarolik kodeksining 991-moddasida (Surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik) «sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin», deyilgan.

Demak, A.Hasanovga yetkazilgan moddiy zararni uning qamalishiga bevosita aybdor bo‘lgan shaxslardan undirish mumkin ekan. Ammo bu da’vogar tarafning emas, sudning vazifasi. JIB Surxondaryo viloyat sudi sobiq MXX amaldorlarining jinoyat ishlarini yuritgan (yoki yuritayotgan) tergov va sud idoralariga chiqib, ulardan musodara qilingan mol-mulk va pul mablag‘lari haqida ma’lumot talab qilishi va A.Hasanov merosxo‘rlarining haqqi bo‘lgan moddiy zararning katta qismini shular hisobidan qoplanishi choralarini ko‘rishi kerak... edi. Biroq sud nima qildi? O‘zi tashabbus ko‘rsatish o‘rniga A.Hasanovga tegishli «Toyota Prado» avtomobili va 200 dollar pulni undirish masalasida sobiq MXX amaldorlariga «oid jinoyat ishi bo‘yicha murojaat qilinglar» deya mas’uliyatni zimmasidan soqit qilib qo‘yaqoldi...

– JIB Surxondaryo viloyat sudi mazkur sobiq MXX amaldorlariga oid jinoyat ishlari bo‘yicha tergov va sud yopiq tartibda o‘tkazilganini, xususiy shaxslar uchun harbiy prokuratura va harbiy suddan bu borada ma’lumot so‘rab olish daxmaza ekanligini bila turib, yana o‘z prosessual vazifalarini oxirigacha bajarmasdan bizni «koptok qilib o‘ynamoqchi»mi? – deydi Qodir Yulchiyev.

Muammoga oid ba’zi mulohazalar

Islohotlar shamoli sudlarimizning yuzidagi pardani ko‘targach, tizimdagi nuqsonlarni jamoatchilikdan yashirib bo‘lmay qoldi. Quvonarli tomoni, endi bu qusurlar tan olina boshlandi, rasmiy yig‘inlarda va matbuotda muhokama qilinmoqda. 27 yil «g‘aflatda yotgan» O‘zbekiston uchun shuning o‘ziyoq katta gap aslida. To‘g‘ri, tizimni «epaqaga keltirish» bir-ikki kunda bitadigan ish emas, yillab davom etadigan murakkab va mashaqqatli jarayon bu, muhimi esa bu jarayonning boshlanganida.

Ammo, shu o‘rinda bir mulohaza borki, yaqin vaqtlarga qadar asosan jazolovchi mashina bo‘lib xizmat qilgan tizim Prezidentning afvlari, nohaq qamalgan (qamatilgan)larni oqlash tashabbuslari qarshisida dovdirab qolayotgandek. Ma’lum ma’noda ularni tushunsa bo‘ladi: eski kadrlar o‘z zehniyati va ish uslubi bilan yangi talablar va shart-sharoitga darrov moslasha olmasligi tabiiy hol. Jumladan, reabilitasiya ham O‘zbekiston qonunchiligiga kecha yoki bugun kiritilgan tushuncha bo‘lmasa-da, bu mexanizm shu paytgacha ISHLATILMAGAN edi. To‘g‘rirog‘i, bunga ehtiyoj bo‘lmagandi. Chunki sudlar oqlov hukmlarini deyarli chiqarmasdi.

Shu ma’noda marhum fermer Azamat Hasanov merosxo‘rlarining moddiy zararni undirish haqidagi da’vosiga nisbatan JIB Surxondaryo viloyat sudining bir qadar g‘alatiroq munosabatini (advokat bilgan qonunlarni sudya bilmaydimi?..) bir tomondan tajribasizlikka ham yo‘yish mumkin. Ammo bu bilan sudyalarni himoya qilmoqchi emasmiz: zero, reabilitasiya normalarini qo‘llash bo‘yicha tajriba hosil bo‘lishi uchun bu amaliyotni boshlashga kimdir jur’at qilish kerak-ku, axir.

Yana bir masala. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, reabilitasiya qilinganlarga ular ko‘rgan moddiy zararni davlat byudjetidan qoplashga doir sud aktlari bo‘yicha viloyatlarda milliardlab so‘m qarzdorlik yig‘ilib qolgan. Sababi, moliya vazirligi tasdiqlagan hujjatlarda bunaqa xarajatlar «ko‘zda tutilmagan». Bu esa hali qonunchiligimizda ham reabilitasiya qilingan shaxslarning moddiy zararini qoplash mexanizmi, tartib-taomili va manbalari bilan bog‘liq kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatadi.

***

Xo‘sh, shaxs to‘la ma’noda reabilitasiya qilinmas ekan, adolat tantanasi haqida gap bo‘lishi mumkinmi? Holbuki, takror aytamiz, Azamat Hasanovning farzandlari hali ma’naviy zarardan so‘z ochganlari yo‘q. Vaholanki, ota ulkan bir tuhmat bilan qamaldi, mahkumlikda o‘ldi, uni tiriltirib bo‘lmaydi. O‘ta xavfli jinoyatda nohaq ayblanish, ko‘p yillik jazo uning o‘zini va oilasini nechog‘li og‘ir surunkali ruhiy iztiroblarga giriftor etgan – bularning bahosi bormi? Bo‘lsa, qancha?..

Yo‘q, yaxshisi bu haqda bosh qotirmay qo‘yaqolaylik. Axir, deyarli aniq ko‘rinib turgan, qo‘polroq qilib aytganda, «ushlab ko‘rsa» bo‘ladigan zararlarni hisoblay olmay turgan holimizda bir qarashda mavhum tuyuladigan ma’naviy zararni o‘lchash uchun adolat tarozisini qayerdan topamiz?..

Oybek Mo‘minov,
jurnalist

Manba: xabar.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!

Mashhur aktyor o‘z kvartirasidan o‘lik holda topildi

Унинг энг эсда қоларли ролларидан бири Жим Керри ва Кэмерон Диаз билан бирга суратга тушган "Ниқоб" фильмидаги гангстер Дориан Тирелл роли эди.

FIFA Argentina terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatidan chetlashtirishi mumkin

Бу ҳақда La Nacion газетаси хабар бермоқда.

DIQQAT! «Damas» va «Labo» haydovchilari ogoh bo‘ling!

Унга кўра, ўтказилган текширувлар натижасида мазкур маҳсулотларнинг сифати амалдаги стандарт талабларига жавоб бермаслиги аниқланган.

Qarshida saunada faoliyat yuritgan fohishaxona aniqlandi

Махсус тадбир пайтида у порaнинг бир қисми ва ашёвий далиллар билан ушланган.

FIFA JCH-2026 qur’asi yuzasidan O‘zbekistonga murojaat qildi

ФИФА матбуот хизмати 2026 йилги жаҳон чемпионати қуръаси натижаларидан кейин Инстаграм орқали Ўзбекистон терма жамоасига мурожаат қилди.

Messi Bollivud yulduzi Shohrux Xon bilan uchrashdi (foto)

Аргентина терма жамоаси ва "Интер Майами" юлдузи Лионель Месси Ҳиндистонга 3 кунлик ташриф билан келди.

Ming afsus! AQShdagi otishmada o‘zbek talaba halok bo‘ldi

Бу ҳақда Ташқи ишлар вазирлиги расмий вакили маълум қилиб, марҳумнинг оила аъзолари ва яқинларига чуқур ҳамдардлик билдирган.

Slot bilan mojaro yakunlanganidan keyingi dastlabki o‘yindayoq Saloh APL rekordini o‘rnatdi

"Ливерпуль" форварди Муҳаммад Салоҳ АПЛнинг 16-туридан ўрин олган "Брайтон"га қарши ўйинда бир клуб сафида энг кўп голларда иштирок этиш бўйича Англия Премьер-лигаси рекордини ўрнатди.

Hududlar “ertami kechmi” baribir Moskvaga tegishli bo‘ladi

Путиннинг ёрдамчиси Донбассдан ҳар икки томоннинг қўшинлари олиб чиқилишини истисно қилмади, бироқ ҳудудлар “эртами кечми” барибир Москвага тегишли бўлишини айтди. Юрий Ушаков

"Neftchi" bomba transferlar tayyorlamoqda

Суперлиганинг амалдаги чемпиони "Нефтчи" келаси мавсумда ҳам ўз олдига юқори мақсадлар қўймоқда.

2026 yilda oylik, stipendiya, pensiya va nafaqalar oshiriladi

Пенсия тўловларига 86,1 трлн сўм, нафақаларга 14 трлн сўмдан ортиқ маблағ ажратилиши кутилмоқда.

O‘zbekiston bo‘ylab sovuq antisiklon va inversiya uzoqroq davom etadi

Мамлакат ҳудудида кузатилаётган совуқ антициклон таъсири 5 декабрга қадар сақланиб туриши кутилмоқда. Демак, 5 декабрь кунига қадар ёмғирдан дарак йўқ.

Temur Kapadze Indoneziya terma jamoasida qancha maosh oladi?

Ўзбекистон миллий терма жамоаси собиқ бош мураббийи Темур Кападзе Индонезия термасида иш бошлашга яқин турибди.

Fabio Kannavaro Italiya U-17 - O‘zbekiston U-17 o‘yiniga munosabat bildirdi

Ўзбекистон миллий терма жамоаси бош мураббийи Фабио Каннаваро бугунги Ўзбекистон U-17 - Италия U-17 ўйини олдидан ўз Instagram саҳифасига пост жойлади.

Sibirdan Orol dengiziga suv yo‘naltirilishi mumkin

Бу ташаббус “Қуруқлик сув ресурслари” бўйича илмий кенгашининг октябрь ойидаги йиғилишида кўриб чиқилган.

O‘zbekistonlik futbolchi faoliyatini Yevropa klubida davom ettirishga yaqin

Абдуғани Камолов Қирғизистоннинг “Бишкек Сити” клубини тарк этиб, Косово чемпионати вакили билан шартнома имзолаши кутилмоқда. Бу ҳақда Asia-Sport.uz телеграм канали хабар берди.

«Dahshatli summalar»: AQSh biznesi Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli qancha yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi

Бу ҳақда Россиядаги Америка савдо палатаси (AmCham) раҳбари Роберт Эйжи RTVI’га берган интервьюсида маълум қилди.

AQSh Ukrainaga “juda kuchli xavfsizlik kafolatlarini” va’da qildi

Ҳали муҳокама қилиниши керак бўлган баъзи масалалар мавжуд, аммо президент Доналд Трамп эришилган ютуқдан мамнун.

Abdumalik Halokov ishi bo‘yicha IBA’ga apellyasiya beriladi

Бирлашган Араб Амирликларининг Дубай шаҳри мезбонлик қилган ва Халқаро бокс ассоциацияси (IBA) томонидан ташкил этилган Жаҳон чемпионатида Ўзбекистон терма жамоаси тўлиқ таркибда — 13 нафар боксчи билан иштирок этди.

Ukraina Xavfsizlik xizmati ilk bor Rossiya suvosti kemasiga hujum qildi

Таъкидланишича, портлаш оқибатида сувости кемаси жиддий даражада шикастланган ва амалда сафдан чиқарилган.

Bekobodda piyodani urib yuborib kanalga tashlagan IIB xodimiga xotini ham yordam bergan

Бекобод шаҳар ИИБ катта тезкор вакили мast ҳолда Nexia’да пиёдани уриб кетиб, жабрланувчига ёрдам кўрсатмаган.

«Qirg‘iziston aeroportlari» beshta xizmatdan chiqqan samolyotni auksionga qo‘ydi

Айни пайтда ушбу самолётлар «Манас» халқаро аэропорти ҳудудида жойлашган.

Kuchli yomg‘ir G‘azodagi “Al-Shifo” shifoxonasi va ko‘chirilganlar chodirlarini suv ostida qoldirdi

Табиий офат натижасида юзлаб чодирлар вайрон бўлган.

Zelenskiy Berlindagi muzokaralardan so‘ng “tinchlik rejasi” bo‘yicha keyingi qadamlarni ochiqladi

Бу учрашув келаси ҳафтанинг охирига қадар бўлиши мумкин.

Ukraina aholisining ko‘pchiligi Donbassni Rossiyaga berishni istamaydi hamda Zelenskiyga ishonadi — Kiyev xalqaro sosiologiya instituti

Институт томонидан ўтказилган сўровнома иштирокчиларининг 72 фоизи қуйидаги шартларни ўз ичига олган тинчлик режасига рози бўлиши мумкинлигини билдирган: урушни ҳозирги фронт чизиғида “музлатиб қўйиш” ва Украина учун хавфсизлик кафолатлари — аммо оккупация қилинган ҳудудларни расман Россияники деб тан олмасдан. 14 фоиз иштирокчи бундай режани ҳам рад этган.

AQShlik mashhur rejissyor Rob Rayner va uning rafiqasi uyida o‘lik holda topildi

АҚШлик машҳур кинорежиссёр Роб Райнер ва унинг турмуш ўртоғи Мишель Райнер Лос-Анжелесдаги ўз уйида ўлик ҳолда топилди.

Germaniya TIV rahbari Rossiyani «NATOga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rishda» aybladi

Германия ташқи ишлар вазири Йоханн Вадефуль Россияни «агрессив ва империалистик сиёсат» юритишда айблаб, Москва НАТОга қарши урушга тайёргарлик кўраётганини билдирди.

Kolumbiyada maktab avtobusi halokatga uchradi

Губернаторнинг сўзларига кўра, ўқувчилар якшанба куни кечқурун пляжда битирув маросимини нишонлаган.

Bekobodda IIB xodimi mashinada odam o‘ldirib qo‘yib, Sirdaryoga oqizib yuborgani aytilmoqda

Бекобод туманида ИИБ Жиноят қидируви бўлими ходими Nexia-3 автомашинасида 43 ёшли пиёдани уриб юбориб, унинг ўлимига сабаб бўлган.

Tramp Vashingtonda g‘alaba arkasi qurilishini e’lon qildi — CNN

АҚШ президентининг айтишича, арка Париждагига ўхшаш кўринишда, лекин ўлчамлари “бошқа аркаларни соясида қолдирадиган” даражада улкан бўлади.

Marokashdagi kuchli suv toshqinlari 37 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

14-декабр куни Марокашнинг Сафӣ шаҳрида кучли ёмғирлар оқибатида сув тошқинлари юз берди.

Avstraliya hukumatlari qurol to‘g‘risidagi qonunlarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda

Австралия бош вазири Энтони Албанезе Сиднейдаги Бонди-бич соҳилида содир этилган, 15 нафар инсон ҳалок бўлган ҳужумдан сўнг мамлакатда қурол тўғрисидаги қонунларни кучайтириш таклифи билан чиқди.

Los-Anjelesda Rob Rayner uyida ikki kishi o‘lik holda topildi

Лос-Анжелесда голливудлик актёр ва режиссёр Роб Райнерга тегишли уйда бир эркак ва бир аёл ўлик ҳолда топилди, деб хабар бермоқда маҳаллий оммавий ахборот воситалари.

Rossiya Belgiyaning Euroclear kompaniyasidan muzlatilgan aktivlar uchun qariyb 230 milliard dollar talab qilmoqda

Бу ҳақда ТАСС агентлиги хабар берди, деб ёзади «Европача правда».

Sidneydagi terrorchining qo‘lidan avtomatni tortib olgan erkakning ahvoli qanday?

Бироқ шундан сўнг террорчи кўприк томонга қочиб, бошқа қуролдан яна ўқ узишни давом эттирган.

Sidneydagi otishmada ravvin halok bo‘ldi

Полиция ҳужумнинг учинчи эҳтимолий иштирокчисини ҳибсга олди

G‘allaorol va Zafarobodda kelinlik sarpolari MIB tomonidan olib berildi

Аёллар ўзларига тегишли бўлган сарполарни собиқ турмуш ўртоқларининг уйларидан олиб кетишга уринганларида қаршиликка учраганлар.

Sidneydagi otishmani uyushtirganlardan biri pokistonlik muhojirmi?

Исроил ташқи ишлар вазири Гидеон Саар Сиднейдаги теракт сабаб чуқур қайғуда эканини билдирди

Sudanda armiyani qo‘llab ommaviy namoyishlar o‘tkazildi

Суданнинг бир нечта шаҳарларида минглаб одамлар армияни қўллаб кўчаларга чиқди. Бу намойишлар, давлат органлари чақирувига биноан, мамлакатдаги ҳарбий ҳаракатларни қўллаб-қувватлаш мақсадида ташкил этилди.

BMTdagi Falastinaning doimiy vakili: Isroil etnik tozalash va hujumlarni kuchaytirishni davom ettirmoqda

Исроил фаластин халқига нисбатан «ҳужумларнинг кучайиши»ни давом эттирмоқда. Бу жараёнга ишғол қилинган Ғарбий соҳил ҳамда Ғазо секторида ерларни босиб олиш, шунингдек «этник тозалаш» сиёсати ҳам киради.