Trampning Afg‘onistondagi NATO missiyasining roli haqidagi bayonotlari sharmandali
Trampning Afg‘onistondagi NATO missiyasining roli haqidagi bayonotlari haqoratomuz, noo‘rin, va sharmandali — Buyuk Britaniya bosh vaziri.
Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Afg‘onistondagi amaliyot vaqtida NATO'ning ittifoqchi kuchlari front chizig‘idan uzoqroqda bo‘lishga harakat qilganini aytgandi. Uning so‘zlari Buyuk Britaniyaning barcha yirik partiyalaridagi siyosatchilar tomonidan qoralandi.
"Avvalo, Afg‘onistonda halok bo‘lgan qurolli kuchlarimizning 457 nafar harbiy xizmatchisini xotirlamoqchiman. Bundan tashqari, Afg‘onistonda ko‘pchilik askarlarimiz jarohat oldi. Ulardan ba’zilariniki shu darajada og‘ir ediki, hayotini butunlay o‘zgartirdi. Shuning uchun men prezident Trampning so‘zlarini haqoratli va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytganda, g‘azablantiruvchi deb hisoblayman. Bu gaplar halok bo‘lganlar va yaradorlarning yaqinlariga shunchalik og‘riq yetkazganiga ajablanmayman", — dedi bosh vazir Kir Starmer Dauning-stritdagi videomurojaatida.
Ma’lumot uchun, 2001 yil 11 sentyabr terror hujumlaridan keyin NATO o‘z tarixida birinchi va yagona marta 5-moddani ishga solgan. Ko‘plab mamlakatlar, jumladan Buyuk Britaniya, Afg‘onistonda AQSh rahbarligidagi harbiy operasiyada ishtirok etgan. Missiya davomida NATO'ning qator davlatlari harbiylari halok bo‘lgan, ular orasida Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va Daniya ham bor. Operasiya 2021 yilda “Tolibon” harakati hujumi fonida qo‘shinlarning olib chiqilishi bilan yakunlangan.
