Tramp Ho‘rmuzni “Tramp bo‘g‘ozi”deb atadi
AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi “Tramp bo‘g‘ozi” deb nomlangan rasmni joylashtirdi.
Mart oyining oxirida AQShning Mayami shahrida o‘tkazilgan investisiya forumida Tramp hazil tariqasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nomi bilan atab, “ular Tramp bo‘g‘ozini ochishga majbur bo‘ladi”, degan edi va bunday bayonotlar tasodifiy emasligini qo‘shimcha qilgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay The New York Post manbalariga tayanib, Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini “Amerika bo‘g‘ozi” deb qayta nomlash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan.
Oq uyga qaytganidan so‘ng, Tramp muhim ob’ektlarni o‘z nomi bilan qayta nomlash tashabbuslarini faol ilgari surmoqda. Xususan, 2025 yilda Amerika Tinchlik instituti “Tramp nomidagi Amerika tinchlik instituti” deb qayta nomlangan.
Bundan tashqari, u geografik ob’ektlar nomini o‘zgartirish tashabbuslari bilan ham chiqqan. 2025 yil yanvar oyida u Meksika ko‘rfazini “Amerika ko‘rfazi”, Denali tog‘ini esa “Mak-Kinli” deb qayta nomlashni buyurgan. Meksika tomonida bu qarorlar tanqid qilinib, “Meksika ko‘rfazi” nomi asrlar davomida xalqaro navigasiyada qo‘llanib kelayotgani ta’kidlangan.
28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi amaliyoti boshlanganidan so‘ng, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishini e’lon qilgan. Aprel o‘rtalarida muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Tramp AQSh tomonidan Eronga nisbatan dengiz blokadasi joriy etilishini ma’lum qilgan.
