Putin uch kunlik tinchlikni taklif qildi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vladimir Putinning 9 may munosabati bilan qisqa muddatli sulh haqidagi taklifini tanqid qildi va Kiyev uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urushni barqaror va haqiqiy yakunlashdan manfaatdor.
Avvalroq Vladimir Putin 8 maydan 10 maygacha bir tomonlama tarzda o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilgan edi. Kreml bu qarorni Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi va gumanitar sabablar bilan izohlab, Kiyevni ham shunday qadam tashlashga chaqirgan. Sulh buzilgan taqdirda Moskva «mos va samarali javob» qaytarishini bildirgan.
Vladimir Zelenskiy bu taklifni manipulyasiya deb atadi. Uning ta’kidlashicha, agar o‘t ochishni darhol to‘xtatish mumkin bo‘lsa, 8 mayni kutishga hojat yo‘q. Ukraina rahbariga ko‘ra, jang harakatlari to‘liq va shartsiz to‘xtatilishi hamda kamida 30 kun davom etishi kerak.
Zelenskiy Kiyev vakillariga Donald Tramp jamoasi bilan bog‘lanib, Rossiya taklifining tafsilotlarini aniqlashni topshirgan. Uning aytishicha, bu taklif Moskvadagi parad uchun qisqa muddatli xavfsizlikmi yoki uzoqroq sulhni anglatishini tushunish zarur.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ham Rossiya haqiqatan tinchlikni istasa, o‘t ochishni darhol to‘xtatishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina kamida 30 kunlik barqaror va to‘liq sulhni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Kreml esa Kiyevning roziligi shart emasligini bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu qaror davlat rahbarining qarori ekanini va amalga oshirilishini aytdi. Shu bilan birga, Moskva Kiyevdan «mos niyatlar»ni kutayotganini, ammo hozircha bunday reaksiya yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Vladimir Putin ushbu sulh g‘oyasini Donald Tramp bilan telefon orqali muhokama qilgan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, Tramp bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan. Biroq uning matbuot kotibi Kerolayn Livitt AQSh rahbari vaqtinchalik emas, balki doimiy o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori ekanini bildirgan.
