Tramp Eronga qarshi urushni davom ettiradimi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy muxbirlari assosiasiyasi kechki ovqati paytidagi otishma uning Eronga qarshi urush bo‘yicha pozisiyasiga ta’sir qilmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hodisa ehtimol mojaro bilan bog‘liq emas.
Hodisa shanba kuni kechqurun yillik tadbir o‘tkazilayotgan mehmonxonada sodir bo‘lgan. Banket zali yaqinida o‘q otilganidan so‘ng Tramp va ma’muriyatning boshqa yuqori lavozimli vakillari zudlik bilan evakuasiya qilingan.
Keyinchalik Tramp jurnalistlarga bu voqea uni to‘xtatmasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, tergov hozircha gumonlanuvchining maqsadini aniqlamoqda, ammo u hodisaning Eronga qarshi urush bilan bog‘liqligi ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi.
Prezident gumonlanuvchi qo‘lga olinganini va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u yakka holda harakat qilganini aytdi. U uni «juda kasal odam» deb ta’rifladi.
United States Secret Service xodimlaridan biriga o‘q tekkan, ammo bronejilet uning hayotini saqlab qolgan. Vashington polisiyasi ma’lum qilishicha, gumonlanuvchida miltiq, pistolet va bir nechta pichoq bo‘lgan. U mehmonxonada mehmon sifatida bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Amerikalik OAV qo‘lga olingan shaxs ismini Koul Tomas Allen deb atadi — u 31 yoshli, Kaliforniya shtati Torrans shahrida yashovchi fuqaro. CBS telekanali manbalariga ko‘ra, u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Tramp ma’muriyati vakillariga o‘q uzish niyati bo‘lganini bildirgan.
Bu hodisa so‘nggi yillarda Trampga qarshi uchinchi suiqasd urinishi bo‘ldi. 2024 yil iyul oyida Pensilvaniyadagi mitingda u o‘qdan yengil jarohat olgan, ikki oy o‘tib esa Floridadagi uning golf-klubi hududida qurollangan shaxs ushlangan. Keyinchalik u suiqasdga urinishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
