Malida vaziyat keskinlashdi: hujumlar, vazir o‘limi va yangi frontlar
Malida armiya va jihodchi guruhlar o‘rtasidagi janglar yana avj oldi. Hujumlar mamlakatning bir nechta hududlarida, jumladan poytaxt Bamakoda ham sodir bo‘ldi.
25 aprel kuni “Jamaat Nusrat al-Islom val-Muslimin” (JNIM) va tuareg isyonchi guruhi — Azavadni ozod qilish fronti (FLA) jangchilari davlat ob’ektlariga hujum qildi. Nishonlar orasida prezident qarorgohi, Mudofaa vazirligi shtabi va Bamako xalqaro aeroporti bor.
Hujum oqibatida Mali mudofaa vaziri general Sadio Kamara halok bo‘ldi. Rasmiylarga ko‘ra, portlovchi modda ortilgan avtomobil uning qarorgohiga kirib kelgan va portlashdan so‘ng u og‘ir yaralanib, shifoxonada vafot etgan. Mamlakatda ikki kunlik motam e’lon qilindi.
Mali Qurolli kuchlari hujumlarni qaytarganini va vaziyat nazoratga olinganini bildirdi. Armiya ma’lumotiga ko‘ra, kamida 80 nafar jangarchi yo‘q qilingan.
Ayni paytda, Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli “Afrika korpusi” ham mamlakatda faoliyat yuritmoqda. Ular hukumat qo‘shinlariga yordam berayotgani ma’lum qilindi. Ko‘plab manbalarga ko‘ra, jangarilar soni minglab kishilarni tashkil etgan.
Xalqaro hamjamiyat hodisalarni keskin qoraladi. BMT, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi Malidagi zo‘ravonliklardan xavotir bildirdi.
Shu bilan birga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini Maliga sayohat qilmaslikka chaqirdi.
