FIFA Jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar mukofot pullarini oshirmoqchi
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati uchun ajratiladigan mukofot pullari va ishtirok etish to‘lovlarini oshirishga qaror qildi. Bu boradagi yakuniy tafsilotlar shu haftada Vankuverda o‘tadigan FIFA Kengashi yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Bir qator milliy federasiyalar, xususan, Angliya futbol assosiasiyasi FIFA’ga murojaat qilib, Shimoliy Amerikadagi turnir ular uchun iqtisodiy zarar keltirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Sababi, AQShda yo‘l xarajatlari, mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish narxlari Qatardagi turnirga qaraganda ancha qimmat.
Bundan tashqari, AQShning har bir shtatida soliq tizimi turlicha. Masalan, final o‘tadigan Nyu Jersida soliq stavkasi 10,75 foiz, Kaliforniyada esa 13,3 foizni tashkil etadi. Federasiyalar hatto chorak finalgacha yetib borgan taqdirda ham, barcha xarajatlar va soliqlardan so‘ng “minus”ga kirib ketishlari mumkinligini aytishmoqda.
FIFA vaziyatni o‘rganib chiqib, nafaqat 48 ta ishtirokchi jamoaga beriladigan pulni, balki barcha 211 ta a’zo davlatga ajratiladigan rivojlanish mablag‘larini ham ko‘paytirmoqchi.
FIFA hozir har qachongidan ham boy: tashkilot to‘rt yil ichida 13 milliard dollar daromad olishni ko‘zlamoqda. Bu mablag‘ning deyarli hammasi — 11,67 milliard dollari futbol rivojiga sarflanadi. Bu esa avvalgi ko‘rsatkichlardan 20 foizga ko‘pdir.
“JCH—2026 futbol olami uchun moliyaviy jihatdan misli ko‘rilmagan turnir bo‘ladi. FIFA bugun o‘z tarixidagi eng barqaror iqtisodiy holatda turibdi va bu imkoniyatdan butun dunyoda futbolni rivojlantirish yo‘lida foydalanadi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Dekabr oyida tasdiqlangan rejaga ko‘ra, umumiy mukofot jamg‘armasi 727 million dollarni tashkil etgan edi. Unga ko‘ra, har bir ishtirokchi jamoaga kamida 10,5 million dollar beriladi. Turnir g‘olibiga esa 50 million dollar berilishi belgilangan. Endilikda Vankuverdagi yig‘ilishdan so‘ng bu raqamlar yanada o‘sishi kutilmoqda.
