Toshkentlik ayol yashirinib yurgan jinoyatchini milisiyaga tutib berdi

Toshkentlik ayol yashirinib yurgan jinoyatchini milisiyaga tutib berdi

Toshkentda fuqaro O.To‘ychiyevaning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ziyrakligi bois bir jinoyat ochildi va kelgusida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldi olindi. Bu haqda Toshkent shahar prokuraturasining Facebook’dagi sahifasida xabar berildi.

O.To‘ychiyevaga bir tanishi uy ta’mirlovchi usta deb Farhod ismli yigitni tanishtirgach, unga Yunusobod tumanida ish borligini aytib qo‘ng‘iroq qiladi. Farhod esa u hududga borolmasligini, Yunusobod tumani IIB xodimlari tilla zanjir holati bo‘yicha o‘zini qidirib yurishganini aytadi. O.To‘ychiyeva Farhodning pala-partish gaplaridan uning jinoyatga aloqasi borligini sezib qoldi. Bu jinoyat ortidan boshqasi ham yuz berishining oldini olish maqsadida IIBga borib, Farhod haqida bilganlarini aytib berdi. Ko‘p o‘tmay Farhod Jumanov qo‘lga olindi.

Dastlabki tergov hamda surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 1988 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Farhod Jumanov uch marta sudning qora kursisiga o‘tirishga ulgurgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, bu kimsa o‘tgan yilning yozida Uchtepa tumanidagi maktablardan birining yonidan o‘tib ketayotgan ayolning bo‘ynidan 2 mln. 500 ming so‘mlik tilla zanjirini tortib olib, juftakni rostlaydi. O‘g‘irlangan molni «Farhod bozori»da noma’lum shaxsga 500 ming so‘mga sotib yuboradi.

Garchi Farhod Jumanov 2017 yilda sud tomonidan o‘ziga tayinlangan 748 ming 875 so‘m jarima jazosini to‘lashga pul topolmay, ushbu jinoyatga qo‘l urgani, ayni paytda jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini aytib, yengillik berishlarini so‘ragan bo‘lsa-da, qonun barchaga baravar. Shu bois, jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi unga tayinlanadigan jazoga Olmazor tuman sudining hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qo‘shishni, shuningdek, muqaddam og‘ir jinoyatlari uchun besh yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lsa-da, ushbu holatlar bo‘yicha sudlanganlik holati tugallanmay turib, yana jinoyat sodir etganini inobatga olib, uni o‘ta xavfli residivist deb topishni lozim topdi hamda unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Faxriddin Jamalov,

Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i

«Huquq» gazetasining 09.08.2018 yildagi 32-soni


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!