Toshkentda yo‘l talashgan ayol haydovchilar jarimaga tortildi
Janjal YTH sabab yuz bergan. Shundan so‘ng ikkala ayol ham ma’muriy jarimaga tortilib, jarima va moddiy zarar MIB orqali undirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2025 yil 3 dekabrdagi ijro varaqasiga asosan, yo‘l-transport hodisasi natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish bo‘yicha ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Sudda ko‘rib chiqilgan ish materiallariga ko‘ra, hodisa ikki nafar ayol haydovchi o‘rtasida yo‘lda harakatlanish jarayonida yuzaga kelgan. Tomonlardan biri ikkinchisiga yo‘l bermagani sababli transport vositalari ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Hodisadan so‘ng, haydovchilar avtomashinalardan tushib, “sen menga yo‘l berishing kerak edi” mazmunida o‘zaro tortishib, janjal kelib chiqqan.
Sud qaroriga muvofiq, qarzdor G.dan jabrlanuvchi X. foydasiga 4 700 000 so‘m miqdorida yetkazilgan moddiy zararni undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati 2026 yil 7 yanvar kuni Byuroning Olmazor tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilingan.
Aniqlanishicha, qarzdor avtotransport vositasini belgilangan tartibda majburiy sug‘urtadan o‘tkazmagani sababli, yetkazilgan zarar sug‘urta hisobidan emas, balki uning shaxsiy mablag‘lari hisobidan qoplangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorga qonun talablari to‘liq tushuntirilib, ixtiyoriy ijro muddati ichida 4 700 000 so‘m mablag‘ to‘liq to‘lab berilgan.
Shuningdek, sud tomonidan yo‘l-transport hodisasidan keyin jamoat tartibini buzib, o‘zaro janjal chiqargani uchun har ikki nafar ayol haydovchiga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llanilib, har biriga 2 060 000 so‘m miqdorida, ya’ni eng kam oylik ish haqqining 5 barobariga teng jarima tayinlangan.
Natijada, moddiy zarar ham, ma’muriy jarimalar ham to‘liq undirilib, ijro hujjatlari amalda tamomlangan.
