Toshkent shahri, Navoiy va Samarqand viloyatlari AKTning rivojlanishi bo‘yicha peshqadam

Toshkent shahri, Navoiy va Samarqand viloyatlari AKTning rivojlanishi bo‘yicha peshqadam

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari AKTning rivojlanish indeksi asosida O‘zbekiston hududlari reytingini tuzdi.

Tahlil davomida quyidagi natijalar olindi:

1) 2015-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston bo‘yicha AKT rivojlanishining yig‘ma indeksi 5,55 dan 6,20 gacha ko‘tarilgan.
2) Yetakchi o‘rinlarni (TOP-3) Toshkent sh. (indeks qiymati – 8,92), Navoiy (6,78) va Samarqand (6,39) viloyatlari egalladi.
3) Indeksning eng past qiymati Sirdaryo (5,39), Surxondaryo (5,13) va Jizzax (5,10) viloyatlarida qayd etildi.

Indeks qiymati bo‘yicha eng katta o‘sish Samarqand viloyatida (+1,00) kuzatildi va u 2015-yildagi 6-o‘rindan 2022-yilda 3-o‘ringa, ya’ni 3 pog‘ona ko‘tarildi. Shu bilan birga, hududiy indeksning rivojlanishiga “AKTdan foydalanish imkoniyati” (ko‘rsatkich 5,72 dan 7,3 ga o‘sdi) va “AKTdan foydalanish darajasi” (3,9 dan 5,2 ga) guruhlari katta hissa qo‘shdi.

Indeks 11 ta ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, ular 3 ta guruhga ajratilgan: "AKTdan foydalanish imkoniyati", "AKTdan foydalanish darajasi" va "AKTdan foydalanish ko‘nikmalari". "AKTdan foydalanish imkoniyati" guruhi 5 ta, "AKTdan foydalanish darajasi" va "AKTdan foydalanish ko‘nikmalari" guruhlari 3 tadan ko‘rsatkichni jamlagan.

AKT sohasini yanada rivojlantirish va global talablarga javob beradigan zamonaviy IT-infratuzilmasini yaratish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

➖ xususiy kapitalni keng jalb qilish hisobiga raqamli infratuzilmani moliyalashtirishni oshirish;

➖ IT-sohasida ta’lim va kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

➖ IT-innovasiyalar va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish.

➖ mamlakat bozoriga yirik xalqaro IT-kompaniyalar va investorlarni jalb qilish maqsadida lisenziyalangan raqamli mahsulotlar va yechimlardan foydalanish muhiti va madaniyatini shakllantirish.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!