The Atlantic bosh muharriri AQSh ma’muriyati a’zolarining Signal dagi chatiga tasodifan qo‘shilgan — The Guardian

Muharrir Jeffri Goldberg Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp jamoasi Yamandagi husiylarga qarshi zarbalarni muhokama qilgan Signal messenjeridagi guruhli chatga tasodifan qo‘shilgan, deb yozmoqda nashr.
The Guardian manbalariga ko‘ra, AQSh prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolsning iPhone'da kontaktlar xatolik bilan saqlangani sababli shunday hodisa sodir bo‘lgan.
Oq uyda o‘tkazilgan ichki tergov natijasida aniqlanishicha, 2024 yil oktyabr oyida Goldberg Trampning saylovoldi shtabiga elektron pochta yuborgan. Bu xat o‘sha paytdagi matbuot kotibi Brayan Hyuzga yuborilgan va u undagi matnni, shu jumladan Goldbergning telefon raqami ko‘rsatilgan imzo qismini, nusxalab Mayk Uolsga yuborgan. The Guardian manbalariga ko‘ra, Uols Goldbergga qo‘ng‘iroq qilmagan, lekin uning raqamini ayfonida tasodifan Hyuz nomi bilan saqlab qo‘ygan.
Jeffri Goldberg Signal’dagi chatdan Tramp jamoasi a’zolarining yozishmalarini oshkor qilgach, Mayk Uols chatni o‘zi yaratganini tan olgan, lekin Goldbergning raqami qanday qilib unda paydo bo‘lganini bilmasligini aytgandi.
Politico'ga ko‘ra, Trampning atrofidagilar Uolsni ishdan bo‘shatishni maslahat berishgan. Prezident esa maslahatchisi “katta xatoga yo‘l qo‘yganini” tan olgan bo‘lsa-da, liberal OAV buni “g‘alaba” sifatida baholamasligi uchun uni ishdan bo‘shatmaslikka qaror qilgan.