TDPUda 21 fevral – Xalqaro ona tili kuni nishonlandi

TDPUda 21 fevral – Xalqaro ona tili kuni nishonlandi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 21 fevral – Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan “Til xalqning tarixi, madaniyati, turmush tarzi, urf-odatini aks ettiruvchi ko‘zgudir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitet rektori  Alisher Yusubjanovich Umarov kirish so‘zi bilan ochib, mehmonlarni universitetga tashrif bilan qutladi. Shuningdek, Xalqaro ona tili kunini nishonlashning ahamiyati, dunyo tillarining yo‘qolib borayotgani haqida so‘zladi.

“- Yurtimizda o‘zbek tilini rivojlantirishga hukumat tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda, dedi Alisher Umarov. - Prezidentimiz tomonidan 21 oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinishi, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning imzolanishi ushbu e’tibor samarasidir. Hukumat darajasidagi ushbu masalaning dolzarbligini chuqur anglash, o‘zbek tilini rivojlantirish, boyitish hamda kelajak avlodga yetkazish har birimizning muqaddas burchimiz”.

Tadbirda so‘zga chiqqan Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Karimjonovich Qirg‘izboyev yurtimizda davlat tilini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida so‘zladi.

“ - Dunyo aholisining 90 foizi 70 ta tilda gaplashadi. Quvonarlisi, bu tillar orasida o‘zbek tili ham bor, - dedi Abdug‘affor Qirg‘izboyev. – Butun dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq odam o‘zbek tilida so‘zlashishi aniqlangan”.

Bayramga ramziy ravishda taklif etilgan Bangladeshning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Mosud Mannan so‘zga chiqib, ona tilini rivojlantirish har bir millatning azaliy burchi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, 2000 yildan buyon nishonlab kelinayotgan ushbu kun tarixi to‘g‘risida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.

Elchi ta’kidlaganidek, 21-fevral – Xalqaro ona tili kunining dunyo bo‘ylab keng nishonlanishiga Bangladesh xalqi bilan sodir bo‘lgan qonli mojaro sabab bo‘lgan. Ushbu sana 1952 yil 21 fevralda Dakada (hozirgi Bangladesh poytaxti) sodir bo‘lgan voqealarni xotirlash uchun tanlangan bo‘lib, o‘zlarining ona tilini himoya qilish uchun tinch namoyish o‘tkazgan talabalar bengal tilini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olinishini talab qilgan. Ammo ona tili himoyachilari polisiya tomonidan kuch bilan bostirilgan. To‘qnashuvda halok bo‘lgan talabalar xotirasiga mazkur sanada dunyo bo‘ylab Xalqaro ona tili kuni sifatida nishonlanadi.

Tadbirda shuningdek, universitetning turli millatlarga mansub professor-o‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan milliy an’ana hamda urf-odatlarini tarannum etuvchi badiiy chiqishlar namoyish etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!