Tadbirkorlarga yangi tashkil etgan ish o‘rinlariga qarab soliqdan imtiyozlar beriladi

Senatning elliginchi yalpi majlisida “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish doirasida kambag‘allikni qisqartirish hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolari bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, xususan, soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish hamda pasaytirilgan soliq stavkalarini belgilash orqali tadbirkorlik sub’ektlarini kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarga faol jalb qilish maqsadga muvofiq.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga tadbirkorlik sub’ektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishini, shuningdek yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Kodeksda ko‘zda tutilgan qo‘shilgan qiymat, foyda solig‘i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari barcha soliqlarni ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda. Jumladan:
- 51 tadan 100 gacha yangi ish o‘rin yaratilganda – uch oygacha;
- 101 tadan 200 gacha yangi ish o‘rin yaratilganda – olti oygacha;
- 200 tadan ortiq yangi ish o‘rin yaratilganda – o‘n ikki oygacha, etib ifodalandi.
Shuningdek, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz berilmoqda. Bunda, soliq imtiyozi miqdori, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yangi ish o‘rinlar sonidan kelib chiqib quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
- 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliqstavkasining 50 foizi;
- 101 dan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliqstavkasining 75 foizi;
- 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganda esa – ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.
Korxona ishga qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bir baravaridan kam bo‘lmagan ish haqini to‘lab, bandligini ta’minlashi kerak.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu Qonun aholi bandligining o‘sishiga, kambag‘allikni qisqartirishga hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolarini ishga qabul qilishda tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.