Tadbirkorlar qo‘l telefoni orqali ekologik ekspertiza xulosasini olishi mumkin
Endilikda tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun ekologik ekspertiza xulosasini olish jarayonini yaxshiroq nazorat qilish va har qanday o‘zgarishlar yoki muammolarga tezkor javob berish imkoni mavjud.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan joriy yilning fevral oyidan boshlab eco-service.uz (test rejimida ishlamoqda) axborot tizimining yangi versiyasi ishga tushirilishi ekologik ekspertiza sohasida byurokratik to‘siqlar hamda qo‘l mehnatini qisqartirish, shaffof va qulay tizim yaratish, qamrov darajasini keskin oshirishni ta’minlaydi.
Markaz axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramovaning ma’lum qilishicha, “service.uz” tizimi orqali tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ekologik ekspertiza xulosasini olish to‘g‘risida SMS-xabarnoma shaklida ogohlantirish xati o‘zbek va rus tillarida yuboriladi. SMS-xabarnomalar deyarli bir zumda yetkaziladi. Bu esa tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlariga ekspertiza holati to‘g‘risida tezkor ma’lumot olish imkonini beradi.
– Mobil qurilmalar har doim qo‘lda, shuning uchun SMS orqali xabarnomalarni olish, masalan, elektron pochta yoki oddiy pochta xizmatidan ko‘ra qulayroqdir, – deydi Shahzoda Akramova. – Tezkor yetkazib berish xizmati qulayligi bilan tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar kutish va boshqa kanallar orqali ma’lumot olishga ketadigan vaqt va resurslarini tejaydi.
Qayd etilishicha, ekologik ekspertiza xulosasini olish to‘g‘risida xabar olish tadbirkorlarga ekologik qoidalarga rioya qilish muhimligini eslatib, ularni yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.
